Jizzaxda sport gimnastikasi boʻyicha birinchi onlayn musobaqa oʻtkaziladi

Jizzax viloyatida sport gimnastikasini yana-da rivojlantirish va ommalashtirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni sogʻlom va barkamol qilib tarbiyalashga koʻmaklashish, bolalarni uy sharoitida muntazam ravishda sport gimnastikasiga jalb qilish maqsadida joriy yilning 15-18-iyun kunlari “Biz koronavirusni sport bilan yengamiz!” shiori ostida birinchi onlayn viloyat birinchiligi boʻlib oʻtadi.

Jizzax viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan oʻtkazilayotgan sport gimnastikasi boʻyicha birinchi onlayn musobaqa 15-iyundan 17-iyunga qadar har kuni soat 8:00 dan 17:00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida boʻlib oʻtadi. Gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi esa 18-iyun kuni tashkil etiladi.

Mazkur musobaqada 2004-2013-yillarda tugʻilgan hamda Jizzax viloyatida istiqomat qiladigan yosh gimnastlar qatnashishi mumkin.

Musobaqa tashkilotchilari: Jizzax viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, viloyat Gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabi hamda Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasining Jizzax viloyat hududiy boʻlimi.

Gʻolib sportchilarga diplom va esdalik sovgʻalari tashkilotchilar tomonidan karantin qoidalariga rioya etilgan holda uy manzillariga yetkazib beriladi.

Ishtirokchilar oʻz chiqishlari yozib olingan videolavhalarni joriy yil 17-iyun kuni soat 17:00ga qadar +99890-538-86-61 telefon raqamidagi telegram manziliga yuborishlari mumkin.

Qoʻshimcha maʼlumotlarni +99890 538-86-61 raqami orqali olishingiz mumkin.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati