Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi sportchilarga maxsus bayonot bilan chiqdi
Jismoniy tarbiya va sport vazirining tegishli buyrugʻi bilan vazirlik tizimida faoliyat koʻrsatayotgan barcha taʼlim muassasalari, jumladan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Respublika Olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, Olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan maktab internatlar, IBOʻSMlar, BOʻSMlaridagi pullik va bepul toʻgaraklar, shuningdek, yopiq suzish havzalaridagi barcha toʻgaraklar nomuayyan muddatga taʼtilga chiqarilgan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi karantin davrida uy sharoitida mashgʻulotlar olib borayotgan sportchilardan doping qoidalarini buzmaslik va ularga qatʼiy rioya qilish boʻyicha muhim bayonot bilan chiqdi.
“Hurmatli sportchilar va murabbiylar!
Maʼlumki, butun dunyoni qamrab olgan koronavirus pandemiyasi koʻplab sport tadbirlarini, jumladan toʻrt yillikning eng yirik sport musobaqalari boʻlmish 2020-yilgi yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarining oʻtkazilishini keyingi yilga surilishiga sababchi boʻldi.
Bu sportchilarimiz, ularning murabbiylari hamda tibbiyot mutaxassislariga 2021-yilda oʻtkazilishi koʻzda tutilgan Oʻyinlarga yana-da samarali va puxta tayyorgarlik koʻrishiga imkon yaratadi. Hozirda barcha sportchilarimiz uy sharoitida mustaqil ravishda, murabbiylar hamda shifokorlarning onlayn nazorati va koʻmagi ostida mashgʻulotlarni bajarishda davom etishmoqda.
Aziz sportchilar, Qadrli murabbiylar!
Karantin davomida oʻz sport qobiliyatingizni saqlash va yana-da yuksaltirish maqsadida yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanishingizni, sport tartibiga qatʼiy rioya qilishingizni hamda sportda taqiqlangan dori-darmonlar va moddalarni isteʼmol qilishdan yiroq boʻlishingizni soʻraymiz. Agarda sportchilarimiz orasida bu kabi dori-darmonu moddalarni qoʻllab, ular qisqa muddat ichida inson tanasidan chiqib ketadi deb oʻylaydiganlar boʻlsa, ular adashishadi.
Yangilik emaski, antidoping laboratoriyalarning zamonaviy usullari yordamida 3-4, hattoki 7-8 yil avval isteʼmol qilingan doping-moddalari aniqlanib kelmoqda. Shuning uchun ogoh boʻling, oʻz mahoratingiz va kuchingizga, halqimiz duosiga va muxlislarning olqishlab sizni qoʻllab-quvvatlashiga ishoning. Adolatli sport va mardona kurashning fahrli timsoli va tarafdori boʻling”, – deb bayonot bermoqda Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati