Suxbat - tibbiyot fanlari doktori, professor Guli SHAYXOVA

Bola qancha koʻp ovqat yesa, shuncha yaxshimi?

SSV Matbuot xizmatining bolalarning ovqatlanish ratsioni haqidagi savollariga tibbiyot fanlari doktori, professor Guli SHAYXOVA javob beradi.

— Bola qancha koʻp yesa, shuncha yaxshi degan gapni koʻp takrorlashadi...

— Bu mutlaqo notoʻgʻri. Oshqozonni qiynab qoʻymaslik uchun taom va yeguliklar miqdori, albatta, meʼyorda boʻlishi shart. Qolaversa, har bir taomning isteʼmol qilinish qoidasi bor. Misol uchun, xamirli taomlarni non bilan birga tanovul qilish tavsiya etilmaydi. Yengil hazm boʻlishi uchun qatiq yoki yogʻsiz smetanadan foydalanilgani maʼqul. Quyuq taomlar sabzavotli va qatiqli salat, koʻkatlar bilan birgalikda yeyiladi. Suyuq ovqatga qoʻshimcha ravishda goʻshtli pirog yoki shu kabi uyda tayyorlangan pishiriqni kiritish mumkin.

— Bola taomlanishdan bosh tortib, injiqli kilishidan koʻpchilik ota-onalar qiynalishadi. Bu borada qanday yoʻl tutgan maʼqul?

— Taom tortiladigan idishlar yorqin rangda va qiziqarli bezaklardan iborat boʻlsa, bolada koʻz orqali axborotni qabul qilish sezgisi faollashadi. Bundan tashqari ovqat ustini bolaning yoshiga moslab bezatishga odatlaning, hatto oddiygina koʻkatlardan foydalansangiz ham har kunlik koʻrinishidan ajralib tursin. Ovqatlanish orasidagi kichik tanovullarni kamaytiring. Bola och qolib ovqatlansa, injiqlik qilmaydi, taom tanlamaydi. Ammo bolada taomlanish istagi yoʻqmi, majburlamaslik maqsadga muvofiq.

— Maktab yoshidagi bolalar oʻrganishi kerak boʻlgan gigiyena qoidalari boʻyicha nimalarni bilish lozim?

— Bola ovqatlanishga oʻtirishdan oldin, albatta, qoʻllarini sovunlab yuvishi kerak. Maktabda yurganida esa antiseptik gel bilan qoʻllarga ishlov berish yoxud nam salfetka bilan artish lozim. Bola uchun ajratilgan termos idishchasi boʻlishi kerak. Kun davomida suyuqlik qabul qilish organizmni suvsizlanishdan asraydi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.