Vazir Sirdaryo viloyatida sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev Sirdaryo viloyatida jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va viloyatda yangidan barpo etilayotgan sport inshootlarida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Jumladan, Shirin shahrida bolalar-oʻsmirlar sport maktabi qoshida qurilayotgan akademik eshkak eshish bazasining bugungi holati oʻrganildi. Umumiy qiymati 2,6 mlrd soʻmni tashkil etayotgan ushbu baza kelajakda terma jamoa darajasidagi oʻquv-mashgʻulotlar yigʻinlari oʻtkaziladigan zamonaviy sport inshootiga aylantiriladi.

Shuningdek, D.Nabiyev Sardoba suv omborining texnogen falokati natijasida talofat koʻrgan Oq oltin tumani “Sahovat” mahallasi hududida joylashgan sport maydonlarida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan ham tanishdi. Ushbu mahallada tez kunlarda badminton, basketbol, voleybol maydonlari hamda ochiq trenajyor maydonchalari, yaʼni vorkautlar aholi, xususan yoshlar ixtiyoriga topshiriladi.

Bu kabi sport inshootlari sirdaryolik yoshlarning sport bilan muntazam shugʻullanishlari va kelajakda yetuk sportchi boʻlib ulgʻayishlarida muhim poydevor boʻlib xizmat qiladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati