Otasi orzusini ruyobga chiqargan “Wonder Boy”, yaʼni “moʻjizakor bola” 27 yoshga toʻldi

Bugun oʻzbek boks maktabining yorqin vakillaridan biri, Rio-2016 olimpiadasining kumush medali sovrindori, havaskorlar oʻrtasida Osiyo va jahon chempioni, professionallar oʻrtasida WBA International kamari sohibi Shaxram Jamshidovich Gʻiyosov tugʻilgan kunini nishonlamoqda. U 1993-yilning 7-iyulida Buxoro shahrida tugʻilgan. Birinchi murabbiyi Ravshan Xoʻjayev.

- Otam va togʻam yoshligida yetuk bokschi boʻlishni maqsad qilishgan. Biroq, u davrlarda buni amalga oshirish oson boʻlmagan. Qachonki men dunyoga kelganimda ular oʻzlariga armon boʻlib qolgan orzusiga jigargoʻshasi orqali erishishni niyat qilishgan. Bugun boksda nimaga erishgan boʻlsam, buning uchun avvalo otam va togʻamdan minnatdorman. Qolaversa, hayotimdagi ikki yaqin insonimning orzulari ushalishiga sababchi boʻla olganimdan behad mamnunman, - degan edi Shaxram Gʻiyosov jahon chempionatidagi gʻalabasidan soʻng.

Darhaqiqat, Jamshid aka oʻzining ushalmagan orzulariga oʻgʻli orqali erishish yoʻlida Shaxramning murgʻak qalbida boksga mehr uygʻotishga harakat qildi. Uning endigina yurishni oʻrgangan oʻgʻliga qilgan dastlabki sovgʻasi ham aynan boks qoʻlqopi edi.

Avvaliga otasi va togʻasi qoʻl ostida, asosan uy sharoitida boks bilan shugʻullangan Shaxram Gʻiyosovni 5 sinfga koʻchganida boks maktabiga berishdi. Bu yerda u treneri Ravshan Xoʻjayev rahbarligida tez surʼatlarda oʻsib bordi va mamlakatimizning eng iqtidorli bokschilaridan biri sifatida koʻzga tashlandi.

Shaxram 2014-yil Rossiyaning Yakutsk shahrida oʻtkazilgan talabalar oʻrtasidagi jahon chempionatida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. -64 kg vazn toifasida oʻtgan janglarda u finalda qozogʻistonlik Maulen Oskenbekni magʻlub etdi. Shundan soʻng Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibidan joy olgan Gʻiyosov yana bir qator xalqaro turnirlarda ham munosib ishtirok etdi.

Unga haqiqiy yulduzli onlarni Rio-2016 olimpiadasi taqdim etdi. Bungacha bir qator yutuqlarga erishgan boʻlsada, na Gʻiyosovni, shu qatorida Hasanboy Doʻstmatov, Shahobiddin Zoirov, Fazliddin Gʻoyibnazarov va boshqa bokschilarimizni koʻpchilik yaxshi tanimasdi ham. Aynan olimpiada oʻyinlaridagi muvaffaqiyat oʻzbek bokschilariga cheksiz shon-shuhrat olib keldi. Rio olimpiadasida Shaxram Gʻiyosov -69 kg vaznda ringga chiqdi va finalda, murosasiz kechgan jangda 2013-yilgi jahon chempioni, qozogʻistonlik Daniyar Yeleusinovga imkoniyatni boy berdi. Shunga qaramay Osiyo boks konfederatsiyasi uni “Yil kashfiyoti” deb topdi.

2017-yil Shaxramga yana-da omadli keldi. U avvaliga may oyida Toshkentda oʻtkazilgan Osiyo chempionatida oltin medalga sazovor boʻldi. Finalda u qozogʻistonlik Ablayxon Jusupovni magʻlub etdi. Xuddi shu yili Germaniyaning Gamburg shahrida oʻtkazilgan jahon chempionatida ham Gʻiyosovga munosib raqib topilmadi. Yarim finalda eski tanishi Ablayxon Jusupovdan ustun keldi, finalda esa London-2012 olimpiadasi gʻolibi, kubalik Ronel Igletsiasni magʻlub etdi. Yil oxirida esa uni “Osiyoning eng yaxshi bokschisi” deb topishdi.

Uning boksda erishayotgan yutuqlari hukumatimiz tomonidan munosib eʼtirof etilgan holda “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan mukofotlandi.

2018-yil 3-mart kuni Gʻiyosov jamoadoshi Murodjon Ahmadaliyev bilan birga “Mir boksa” promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. Har ikki bokschimiz profi boksdagi debyutini roppa-rosa bir haftadan keyin oʻtkazishdi va shov-shuvli gʻalabalarni qoʻlga kiritdi. Ayniqsa, Nyu-Yorkdagi Kings Theatre arenasida kechgan jangda Shaxram oʻz raqibi argentinalik Nikolas Velaskesni 1-raunddayoq nokautga uchratib, dunyo ahlini hayratga soldi.

- Birinchi jangimda 7-soniyadayoq raqibimni magʻlub etganimdan keyin murabbiylarim menga, “Buni qanday qilding, qanday moʻjiza bu?” deb aytishdi va shundan soʻng menga “Wonder Boy”, yaʼni “moʻjizakor bola” degan nomni tanlab berishdi, - deb xotirlaydi Shaxram professional boksdagi ilk jangini.

Bugungi kunda Shaxram Gʻiyosov profi ringda ham oʻz soʻzini aytmoqda. U shu kunga qadar professional boksda 9ta jang oʻtkazib, barchasida (shundan 7tasini nokaut bilan) gʻalabaga erishdi va bu borada ham jahon chempionlik kamari sari dadil odimlamoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Shaxram Gʻiyosovni bugungi tavallud ayyomi bilan samimiy muborakbod etadi hamda kelgusi faoliyatida omad va zafarlar hamroh boʻlishini tilab qoladi. Umid qilamizki, isteʼdodli bokschimiz profi ringda ham Vatan bayrogʻini yuqoriga koʻtaradi. Bu yoʻlda unga muvaffaqiyat tilaymiz.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati