Mirobodlik yoshlar uchun yangi sport maydonchalari foydalanishga topshirildi

Bugun, 1-iyul kuni Toshkent shahar, Mirobod tumanida bolalar va oʻsmirlarni sport bilan koʻproq band qilish hamda hudud aholisining sportga boʻlgan qiziqishlarini inobatga olgan holda yangi sport maydonchalari foydalanishga topshirildi.

Ushbu sport kompleksining ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining oʻrinbosari Elbek Shukurov, Mirobod tumani hokimi Shuhrat Poʻlatov, oʻzbek futbolining taniqli futbolchilaridan biri Sanjar Tursunov, shuningdek, mahalla faollari va yosh sportchilar ishtirok etdi.

Endilikda bu yerda sport bilan faol shugʻullanish uchun mini futbol, basketbol maydonchalari bilan birgalikda trenajyor maydonchasi faoliyat koʻrsatadi. Bu mirobodlik yoshlar uchun shijoat bayrami – Yoshlar kuni munosabatiga ajoyib sovgʻa boʻldi.

“Mamlakatimizda yoshlarimiz uchun ularning sport bilan mashgʻul boʻlishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu kabi sport maydonchalari kelajagimizning eng iqtidorli sportchilarining yetishib chiqishida muhim baza boʻlib xizmat qiladi. Bu yerda hududdagi bolalarning futbol va basketbol sport turlari bilan doimiy shugʻullanishlari uchun barcha sharoitlar mujassam. Umid qilamanki, ular oʻz ustida ishlab Milliy terma jamoalarimizning muhim aʼzosiga aylana oladi”, deb aytib oʻtdi Jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari E.Shukurov.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati