Vazirlik ishchi guruhi Namangan tumanidagi holatni oʻrganmoqda

Jismoniy tarbiya va sport vazirligining ishchi guruhi bugun Namangan tumanida sportni rivojlantirish borasida masʼullar bilan birgalikda amaliy faoliyatini boshladi.

Namangan tumanida bugungi kunda 80 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan boʻlib, ular orasida sportni ommalashtirish va aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish borasida maxsus chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Namangan tumani karate VKF, badminton va voleybol sport turlariga ixtisoslashtirilgan.

Hozirda tuman boʻyicha ushbu sport turlarini mahallarda ham keng ommalashtirish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Tumanda 100 dan ortiq sport inshootlari mavjud boʻlib, ularda aholining keng qatlamlarini yuqoridagi sport turlari boʻyicha doimiy mashgʻulotlarga jalb etish ishlari olib borilayotgan edi. Hozirgi kunda “qizil” hududlar toifasiga kiritilganligi uchun bu tumanda sport inshootlari faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan.

Tumanda jami 1412 nafar sportchi yoshlar mashgʻulot olib borishlari uchun bolalar-oʻsmirlar sport maktabi faoliyat koʻrsatmoqda. Bu yerda yoshlarga 19 ta sport turi boʻyicha 49 nafar trenerlar saboq berib keladi. Shulardan 12 nafari oliy maʼlumotli boʻlib, hozirda oʻrta maxsus maʼlumotli trenerlarni bosqichma-bosqich oliy maʼlumotli trenerlar safiga oʻtkazish boʻyicha ishlar olib borilayapti. 

Bugungi kunda 8 nafar trenerlar maxsus sirtqi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oliygohlarda tahsil olish barobarida, BOʻSMda yosh sportchilar bilan mashgʻulotlar ham oʻtkazib kelyapti.

BOʻSMda voleybol sport turi boʻyicha eng koʻp – 176 nafar yoshlar shugʻullanishmoqda va ular orasida yetishib chiqqan respublika ichki chempionati gʻoliblari bugungi kunda imtiyozli ravishda oliy oʻquv yurtlarida tahsilni davom ettirmoqda.

Ayni paytda ishchi guruh tomonidan butun viloyatda boʻlgani kabi sport maktabining boʻsh yer maydonlari, sport inshootlari va ulardan maqsadli foydalanish rejasi boʻyicha tadbirkorlar tomonidan kiritilayotgan takliflar ham oʻrganilmoqda.

Shuningdek, hududlarning sport turlariga ixtisoslashuvi, moddiy texnik bazasining holatini yana-da rivojlantirish, sport inventarlari soni va bugungi holati, terma jamoa aʼzolarini shakllantirish masalalari boʻyicha ishchi guruh tuman masʼullariga yaqindan koʻmaklashmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati