“Sogʻlom hayot uchun 5 ming qadam” – oʻziga xos chellenjni surxondaryolik nuroniylar boshlab berishdi

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining 2020-yil 1-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi qaroriga koʻra hududlarda sport mashgʻulotlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 645-sonli buyrugʻiga binoan, mamlakatimizning “yashil” hududlarida sport seksiyalari, toʻgaraklari, sport zallari va fitnes-klublar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.

Shuningdek, sportchilarimizning ham karantin talablariga rioya qilgan holda mashgʻulotlar olib borishi boʻyicha ham chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Joriy yilning 8-iyun kuni Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev rahbarligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida karantin talablari bosqichma-bosqich yumshatib borilayotgani sababli endilikda aholining boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va salomatliklarini tiklashda ustuvor boʻlgan sport mashgʻulotlari jarayoniga ularni koʻproq jalb etish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan edi.

Shu boisdan bugun, 11-iyun kuni Surxondaryo viloyatining Uzun va Qiziriq tumanlarida jismoniy tarbiya va sport boʻlimlari tashabbusi bilan nuroniylar ishtirokida “Salomatlik uchun 5 ming qadam”, “Sogʻlom hayot uchun 5 ming qadam” shiorlari ostida piyoda yurish marafoni boʻlib oʻtdi.

Ushbu tadbirlar karantin qoidalariga toʻliq rioya qilgan holda tashkil etildi. Tadbir davomida bu kabi harakatlar inson salomatligi uchun boʻlgan ahamiyati yuzasidan aholiga keng maʼnoda tushuntirishlar ham berildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati