Sirdaryoda ham sport taʼlim muassasalarida sport seksiyalari faoliyati qayta yoʻlga qoʻyilmoqda

Xabaringiz bor, yurtimizga koronavirus pandemiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan “yashil” va “sariq” va hududlarda sport seksiyalari, toʻgaraklari, sport zallari va fitnes klublar faoliyatiga ruxsat berilgan edi.
Jumladan, Sirdaryo viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tasarrufidagi “yashil” toifadagi hududlarda joylashgan sport taʼlim muassasalarida sport seksiyalari faoliyatini belgilangan talablar asosida tashkil etish ishlari boshlandi.
Bolalar-oʻsmirlar sport maktablari sanitariya va epidemiologiya markazining ruxsati asosida hamda karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda oʻz faoliyatini boshladi.
Sport muassasasiga kirishda, tana haroratini oʻlchovchi pirometr vositasi orqali tekshiruvdan oʻtgach, mashgʻulotlarda qatnashishga ruxsat etilmoqda. Shuningdek, kun davomida sport zali dezinfeksiya qilib turilmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati