Bu yil “Olimpiya kuni” qanday nishonlanadi?
Butun dunyoda boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham bu tadbir oʻzgacha shukh ostida oʻtkazib kelinadi. Unda respublikamiz aholisining deyarli barcha qatlami qamrab olinadi. Bu yilgi tadbirlar boshqacha formatda tashkil etilishi rejalashtirilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Milliy olimpiya qoʻmitasi bilan hamkorlikda ushbu tadbirni tashkil etish yuzasidan onlayn yigʻilish oʻtkazdi. Unda qoʻmita va vazirlik rahbariyati Olimpiya kunini qay tartibda oʻtkazish masalasini muhokama qilishdi.
Bu yilgi “Olimpiya kuni” murakkab sharoitda oʻtishi bilan tarixda qoladigan boʻldi. Shunga qaramasdan har bir mamlakatda mazkur sport bayramiga oʻziga xos tayyorgarlik olib borilmoqda. Uni Oʻzbekistonda ham zamon talabidan kelib chiqqan holda koʻtarinki ruhda oʻtkazish har ikki tashkilotning bosh maqsadi boʻlib turibdi. Mazkur maqsad asosida tashkil qilingan yigʻilishda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, shuningdek, MOQ hamda vazirlik rahbariyati va xodimlari, hududlardagi vakillar ishtirok etishdi. Ushbu yigʻilishda ishtirokchilar pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda aholi orasida mana shunday sport bayramini targʻib qilish borasida oʻz takliflarini oʻrtaga tashlashdi.
Taʼkidlash joiz, Xalqaro olimpiya qoʻmitasi ushbu bayram munosabati bilan barcha MOQlarga oʻz tavsiyalarini joʻnatgan. Suhbatda ushbu tavsiya asosida xorij tajribasini oʻrgangan holda bayramga tayyorgarlik koʻrish va OAVda yoritish mavzulari ham koʻrib chiqildi. Yigʻilish davomida “Olimpiya kuni”ni oʻtkazish borasida har ikki tashkilot oʻrtasida ishchi guruh tuzilib, barchaga oʻz sohasida qilinadigan ishlar boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi. Mazkur bayramni koʻtarinki ruhda oʻtkazish boʻyicha reja yakun kunlar ichida eʼlon qilinadi. Shunisi aniqki, 2020-yilgi “Olimpiya kuni” karantin talablariga rioya qilingan holda oʻtkaziladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati