Oʻzbekiston tumanida iqtidorli sportchilarni saralab olish va aholi oʻrtasida sportning ommalashuvi borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshiriladi

Fargʻona viloyatida jismoniy tarbiya va sportni yana-da ommalashtirish, bu borada hududlardagi mavjud shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish va pandemiya munosabati bilan ish jarayonlarini tashkil etishda uslubiy yordam koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh viloyatda oʻz ish faoliyatini davom ettirmoqda.

Jumladan, ishchi guruhi tomonidan Oʻzbekiston tumanida joylashgan Bolalar-oʻsmirlar sport maktabining moddiy-texnika bazasi holati, internet bilan jihozlanganligi va tezkor axborot almashuv tizimining faoliyati oʻrganilib, bu borada ayni damdagi holatni yana-da yaxshilash borasida vazirlik tomonidan sport maktabiga koʻmak koʻrsatildi.

Bugungi kunda sport maktabida 26 nafar oliy maʼlumotli, 16 nafar tugallanmagan oliy va 18 nafar oʻrta maxsus maʼlumotli trenerlar faoliyat olib bormoqdalar.

Sport maktabida sportning 17 turi boʻyicha jami 2396 nafar sportchi yoshlar shugʻullanayotgan boʻlib, shundan 623 nafarini qizlar tashkil etadi.

Ishchi guruh Oʻzbekiston tumani bolalar-oʻsmirlar sport maktabining faoliyati bilan tanishish davomida iqtidorli sportchilarni tanlab olish ishlariga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirish, sport maktabining belbogʻli kurash, baydarka va kanoeda eshkak eshish va voleybol boʻyicha malakali trenerlarni salohiyatidan foydalangan xolda tumanda mazkur sport turlarini yana-da rivojlantirish va ommaviyligini oshirish, aholini ushbu sport bilan muntazam shugʻullanishlarini tashkil etish orqali ularning salomatligini mustahkamlash yuzasidan bir qator tavsiyalar berildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati