PFL Superligani davom ettirish boʻyicha klublar bosh murabbiylari bilan onlayn videokonferensiya orqali fikr almashdi
Xabaringiz bor, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan professional futbol klublariga mashgʻulot olib borishga rasman ruxsat etilgani haqida maʼlum qilgan edik.
Ushbu xabardan soʻng mamlakatimizda futbol boʻyicha ichki chempionat va musobaqalarning aynan qaysi sanadan boshlab davom ettirilishi ustuvor masala boʻlib turgan edi.
Shu kabi bir qator muhim masalalarni muhokama qilish maqsadida Oʻzbekiston Professional futbol ligasi mutasaddilari, Superliga futbol klublari rahbarlari va bosh murabbiylari bilan onlayn videokonferensiya tashkil qilindi. Unda hozirgi kunda dolzarb boʻlib turgan toʻrtta masala muhokama qilindi.
Birinchi masala: Superliga klublari musobaqani qachondan davom ettirishadi?
Bosh murabbiylar bilan oʻtkazilgan videokonferensiya yigʻilishida bu borada murabbiylarning fikrlari tinglandi. Ayni damda OʻzPFL klublar bosh murabbiylari fikrlarini inobatga olgan holda yakuniy qarorni OʻFA bilan kelishgan holda maʼlum qiladi. Ammo, PFL futbolchilarning oʻyinlarga tayyorgarlik koʻrishi uchun ikki haftalik mashgʻulot oʻtkazish yetarlicha vaqt ekanligini inobatga olgan holda Superliga bahslarini 13-iyun kunidan boshlashga tayyor.
Ikkinchi masala: U-21 jamoalari uchrashuvlari
Ushbu jamoalar oʻrtasidagi uchrashuvlari odatdagidek, asosiy jamoalar uchrashuvidan bir kun avval oʻtkazilishi belgilandi.
Uchinchi masala: U-18 jamoalari uchrashuvlari
U-18 jamoalari oʻrtasidagi bahslar markazlashgan tizimda oʻtkaziladi. Bu borada taqvim tigʻizligi hamda jamoalarning bugungi kundagi moliyaviy imkoniyatlari inobatga olindi. Ushbu musobaqa oʻtkazilish tartibi va joyi kabi masalalar ishlab chiqilmoqda va bu haqda keyinroq batafsil xabar beriladi.
Toʻrtinchi masala: Yozgi transfer oynasi sanasi
Yozgi transfer oynasi avvaldan belgilanganidek oʻzgarishsiz qoldi va ushbu jarayon 6-iyuldan 30-iyulgacha davom etadi.
Eʼtiboringizga Superliganing 4-turida boʻlib oʻtadigan uchrashuvlar va ularning oʻtkazilish vaqtlarini havola etamiz:
Superliga. 4-tur.
13-iyun (shanba):
“Qizilqum” – OKMK
“Bunyodkor” – “Qoʻqon-1912”
14-iyun (yakshanba):
“Nasaf” – “Navbahor”
“Soʻgʻdiyona” – “Paxtakor”
15-iyun (dushanba):
“Surxon” – “Mashʼal”
“Buxoro” – “Andijon”
“Metallurg” – “Lokomotiv”.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati