“Ayollardan ham kurashchi chiqishini isbotladim”

Milliy kurashimiz Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilib, ommabop sport turlari qatoridan joy olayotgan bir vaqtda nafaqat yigitlar, balki qizlarimiz ham jahon arenalarida kurash tushib, mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgani quvonarli hol.

Kurash bo‘yicha 2017-yil dekabr oyida Istanbulda o‘tkazilgan jahon chempionati g‘olibi, bir necha bor O‘zbe­kiston chempioni hamda 2018-yil avgust oyida Jakar­tada bo‘lib o‘tgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarining oltin medali sohibasi Gulnora Sulaymonova kuragi yerga tegmagan polvon qizlardan.

1990-yili Denov tumanida tug‘ilgan Gulnorani bugun Surxon ahli juda yaxshi taniydi. “Viloyatimizdan chiq­qan polvon qiz”, deya u bilan faxrlanishadi. Yutuqlariga havas qilishadi.

Gulnoraning professional kurashchi bo‘lib yetishishi oson kechmadi. Avvaliga ko‘plab qarshilik va to‘siq­larga duch keldi. Shunda ham taslim bo‘lmay, maqsadi sari faqat olg‘a intildi.

Qahramonimiz kurashga qadam qo‘ygan vaqtlarini ham kulgi, ham o‘kinch bilan eslaydi. U Mirzo Ulug‘bek  nomidagi 4-maktabning 5-sinfida o‘qib yurgan kezlari maktabda sport zali qurilib, kurash bo‘yicha to‘garak tashkil etildi. Yangi sport zaliga tez-tez kirish niyatidami yoki sportga bo‘lgan qiziqish tufaylimi — unga mahalladagi barcha o‘g‘il-qizlar a’zo bo‘ldi. Gulnora ham teng­doshlariga qiziqib, to‘garakka bordi. O‘shanda juda kich­kina, nimjongina qizaloqning kurash tushishiga ko‘zi yetmagan murabbiy unga hech qanday usulni o‘rgatmay turib, boshqa bir qiz bilan maydonga tushirdi va “Agar raqibingni yiqitsang, seni to‘garakka qabul qilaman”, dedi. Gulnoraning sportga qiziqishi kuchlilik qilib, jon-jahdi bilan kurash tushdi va raqibining kuragini yerga tekkizdi. Shu ondan boshlab u o‘z oldiga “Men kurashchi bo‘laman!”, degan qat’iy maqsad qo‘ydi.

— Kurash bilan shug‘ul­lanishimga avvaliga ota-onam qarshilik ko‘rsatdi, — deydi Gulnora. — Hamma “Qiz bolaga kurash nima kerak?”, derdi. Ayniqsa, bir voqea sira yodimdan chiqmaydi. To‘ga­rakka qatnab yurgan kezlarim qishlog‘imizdagi bir guruh bolalar otamga “Biz qizingizni bir urinishdayoq yiqitamiz. Ming qilsa ham biz o‘g‘il bolamiz, qizingiz bizga bas kelolmaydi. Kurash — yigitlar sporti, qiz bolaga kim qo‘yibdi kurash tushushni” debdi. Bundan qattiq jahlim chiqdi. O‘sha bolalarning hammasi bilan kurash tushib, barining kuragini yerga tekkizdim. Otam buni eshitib, juda xursand bo‘ldi. U kishining “O‘g‘ildan ziyod qizim bor mening”, degan gapi hamon qulog‘im ostida jaranglaydi.

Gulnora kurash bilan jiddiy shug‘ullandi. Murabbiyining barcha aytganlarini bajarib, qiyinchiliklarni yengib o‘tdi. Kichik musobaqalarda chini­qib, toblanib bordi. Endi unga maktabning sport zali torlik qila boshladi. Qizaloq tezroq katta musobaqalarda qatna­shishga oshiqardi.

Maktabni tamomlagach, onasi uni Termiz shahriga olib kelib, murabbiy Safar Qosimov  qo‘liga topshirdi. Bu yerda Gulnora kurash bilan jiddiy shug‘ullanib, turli musobaqalarda qatnashdi. 16 yoshida kattalar o‘rtasida 52 kg vazn toifasida O‘zbekiston chem­pioni bo‘lib, Turkiyada o‘tadigan jahon chempio­natiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ammo taqdir  Gulnora­ning sabr-matonatini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi. Turkiya ob-havosi unga yomon ta’sir ko‘rsatib, musobaqada ishtirok etolmay, ortga qaytdi. Keyin kurashni tashlab, turmushga chiqdi...

Inson nimanidir chin dildan xohlasa, unga albatta yetishadi. Gulnora oilali, ikki nafar farzandning onasi bo‘lsa-da, kurashchi bo‘lish istagi unga sira tinchlik bermadi. Oila a’zolariga  sportdan aslo voz kechol­masligini aytib, unga bir bor imkon berishlarini so‘radi. Qat’iyati, kuchli ishonchi bilan yaqinlarining roziligini oldi va olti yillik tanaffusdan so‘ng — 2014-yili yana maydonga qaytdi. Endi u avvalgidek  tajribasiz qiz emas, balki hayot sinovlarida irodasi toblangan sportchi edi.

Gulnora sportdagi china­kam hayotini yashay boshladi. Tinimsiz mashg‘ulotlarga qatnab, tez orada profes­sionallar qato­ridan o‘rin oldi. 2016-yildan jiddiy musoba­qalarda ishtirok eta boshladi. Avval Qashqadaryoda, keyin Buxoroda kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida birinchi o‘rinni egallab, jahon va Osiyo chempionatlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ushbu musobaqalarda ham Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tardi.

— Bugun o‘zbek kurashi boshqa davlatlarda ham rivojlanayotganini ko‘rib, xursand bo‘laman, — dedi Gulnora. — Xususan, Eron, Hindiston, Tojikiston, Janubiy Koreya sportchilari kurashni juda tez o‘zlash­tiryapti. Bunga bir misol — Jakartada o‘tgan Osiyo o‘yinlaridan oldin terma jamoamiz bilan tajriba almashish uchun hindistonlik sportchilar keldi. Ular bilan Namangan viloyatida mash­g‘ulotlar olib bordik. Shunda hindning milliy kurashimizni juda tez va oson o‘zlash­tirganidan hayratga tushdik. Bugun ularga bir usulni ko‘rsatsak, ertasi kuni o‘sha usulni o‘zimizga qo‘llardi. Bu Osiyo o‘yinlarida ham yaqqol ko‘zga tashlandi. Musobaqa yarim finalida ham, finalida ham hindistonlik sportchilar bilan kurash tushdim. Terma jamoamizdan 52 kg vazn toifasida ikki kishi — men va andijonlik Oysuluv Abdu­majidova ishtirok etgandik. U hindistonlik polvonga mag‘lub bo‘ldi. Finalda Oysluv  raqibining kuragini yerga tekkizdim. Shunda Oysuluv yonimga kelib, “O‘zbekning ori yerda qolmaydi. Men yutqaz­gan bo‘lsam-da, siz raqibimni yengib, asosiy sovrinni qo‘lga kirit­dingiz”, deb meni tabrik­ladi. Bu nafaqat mening, balki jamoa­mizning yutug‘i edi.

— Kurashda g‘alaba qozonish uchun sport­chidan tinimsiz mehnat va halollik talab etiladi, — deydi kurash bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Dilfuza Rahmatova. —  Gulno­rada ayni shu jihatlar juda yaxshi shakllangan. U doim o‘z ishiga mas’uliyat bilan yon­dashadi. O‘ziga nisba­tan juda talabchan. Maqsadiga erishma­gunicha harakatdan to‘xtamaydi.

Gulnora Sulay­mo­nova­ning eri­shayot­gan yutuqlari bilan butun viloyat ahli faxrlanadi. Oila a’zolari, turmush o‘rtog‘i uni doim qo‘llab-quvvatlaydi. Farzandlari onasining muso­baqalardagi ishtirokini tele­vizor orqali o‘zgacha hayajon bilan kuzatib o‘tiradi. Qah­ramonimizning endi 1-sinfga chiqqan katta o‘g‘li hozir­danoq kurashchi bo‘lishni niyat qilgan. Gulnora Sulay­monovaning o‘zi esa orzulari birin-ketin ro‘yobga chiqa­yotganidan mamnun.

— Har gal g‘alaba qozon­ganimda, so‘z bilan tasvirlab bo‘lmaydigan hislarni tuyaman, — deydi qahramoni­miz. — O‘sha onda shu darajaga yetguncha qilgan barcha mehnatlarim, chekkan mashaqqatlarim, boshdan kechirgan qiyinchiliklarim birma-bir ko‘z oldimdan o‘tadi. Ayniqsa, Indoneziya­ning Jakarta shahrida o‘tkazilgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida chempion bo‘lga­nimda, qattiq ta’sir­langa­nimdan yig‘lab yubordim. G‘alabam bilan yaqinlarimning ishonchini oqlaganim, ota-onamning yuzini yorug‘ qilganimdan quvondim. Musobaqaga ketishdan oldin  “Men albatta g‘alaba qozonaman”, deb niyat qilgandim. G‘alabam bilan ayollar ham istalgan sport turida katta yutuqlarga erisha olishini isbotladim.

Bugun qahramonimiz Termiz tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida yoshlarga kurash sir-asror­larini o‘rgatish bilan birga, murabbiyi Hamroqul Pirim­qulov bilan shu yil oxirida o‘tkaziladigan kurash bo‘yi­cha jahon chempionatiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘ryapti.



Iroda TOSHMATOVA

http://marifat.uz/marifat/ruknlar/mvas/2557.htm