Jismoniy tarbiya va sport vazirligining maxsus ishchi guruhi Аndijon viloyatini oʼrganmoqda

Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi maxsus ishchi guruhi ayni kunlarda Аndijon viloyatida boʼlib turibdi.
Maxsus ishchi guruhning asosiy maqsadi, viloyatdagi sport taʼlim muassasalarining bugungi ahvoli, zamon talablariga mosligi, sportchi yoshlarga yaratib berilgan imkoniyatlar hamda sport taʼlim muassasalarining yutuq va kamchiliklarini oʼrganishdan iborat.
Ishchi guruh dastlab Xonobod shahridagi bolalar-oʼsmirlar sport maktabi va unga qarashli sport obʼektlarini koʼzdan kechirdi. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 martdagi 122-sonli qaroriga muvofiq Xonobod shahri sportning boks, ogʼir atletika va erkin kurash turlariga ixtisoslashtirilishi belgilab qoʼyilgan. Ishchi guruh aʼzolari bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham yaqindan tanishdi.
Oʼrganish davomida sport maktabidagi futbol maydonining chimi umuman talabga javob bermasligi, erkin kurash boʼyicha sportchilarga yaratib berilgan imkoniyatlar ham qoniqarsiz ekanligi va yana bir qator kamchiliklar aniqlanib, ularni zudlik bilan bartaraf etish borasida tuman Jismoniy tarbiya va sport boʼlimi rahbariga kerakli koʼrsatmalar berildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati