Таҳлил

Beshinchi bebaho neʼmat

Tilning eng asosiy manbai — soʻz. Biroq shu tilda soʻzlashuvchi xalq unga nisbatan eʼtiborli va masʼuliyatli munosabatda boʻlmasa, bora-bora bu til unutilishi, yoʻqolib ketishi hech gap emas.

Oʻzbek tili lugʻati juda boy. Ammo undan olingan soʻzlarni qatorlashtirib tashlash yoki jimjimador soʻzlardan nutqimizda, matnimizda koʻproq foydalanish bilan toʻgʻri gapirgan yo yozgan boʻlib chiqmaymiz. Negaki, tilning oʻz meʼyor va qoidalari bor! Qolaversa, soʻzlarni oʻz oʻrnida qoʻllay bilish ham kerak. Masalan, ilm-fan tili bilan adabiy-badiiy asarlar yaratish imkonsiz. Aksini qoʻllasak ham, biror tayinli natijaga erishib boʻlmasa kerak.

 Xuddi shunday, badiiy matn yozish uslubini idora, tashkilot va muassalarda davlat tilida ish yuritish qoidalariga tatbiq etishdan mantiq yoʻq. Yoxud ogʻzaki nutqimizdan foydalanib, huquqiy-meʼyoriy hujjatlar yaratib boʻlmaydi!Bularning barchasini birlashtiruvchi yagona vosita bor. Bu — adabiy til!

Ammo keyingi yillarda koʻplab jabhalarda, aytaylik, turli film va seriallar, koʻrsatuvu eshittirishlar, maqolayu asarlarda adabiy til meʼyorlari qoʻpol ravishda buzilmoqda. Davlat tili qoidalariga rioya etilmayapti! Sheva va lahjalar, jargonlar, ruscha va inglizcha soʻzlar katta ekranlardan yangramoqda. Bundan tashqari, koʻchalar, peshtaxtalar, avtobus bekatlarida imlo xatolari bilan yozilgan eʼlon va reklamalarning yillab toʻgʻrilanmasligidan ham ogʻrinamiz. Ularni oʻz vaqtida ogohlantirish, tanbeh berishga esa istihola qilamiz. Bizning bu eʼtiborsizligimiz oqibatida tilimiz aziyat chekadi,qadrsizlanadi.

Axloqiy meʼyorlarga toʻgʻri kelmaydigan soʻz va iboralar bilan tilimizni bulgʻash, lugʻatimizda tarjimasi boʻla turib, chetdan kirib kelgan soʻzlarni ishlatish ham muomala madaniyati meʼyorlariga ziddir. Masalan, daqiqani “minut”, soniyani “sekund” deb ishlatib ketaveramiz. Vaholanki, lugʻatimizda bunday soʻzlarning muqobillari bor. Misol uchun, rus tilidagi “litso” soʻzini, qoʻllanish oʻrniga koʻra, yuz, chehra, roʻy, oraz, rang, aft, angor, bet, bashara... deb tarjima qilish mumkin.

Olimlarning tadqiqotlariga qaraganda, rus tilidagi “karandash” soʻzi “qora tosh”, “karaul” soʻzi “qorovul” soʻzlaridan kelib chiqqan. Bunga oʻxshagan misollarni koʻplab keltirsa boʻladi.

Koʻchib kiruvchi soʻzlar toʻplami ayrim hollarda “internatsional soʻzlar” sifatida xaspoʻshlanadi. Bunga “biznes”, “market”, “mini”, “super”, “menejer”, “vip”, “lider”, “audio”, “video”, “aut”, “inter”, “servis” kabi soʻzlar misoldir. “Orgtexnika”, “kanselyariya” va bularga bogʻliq vositalar, jihozlar nomlanishi ham shundayligicha qabul qilingan. Ayniqsa, kompyuter sohasidagi iboralar xorijiy nomlari bilan atalishi davom etib kelmoqda (fayl, sayt, korzina, fleshka, bot, snoska, domen, setevoye okrujeniye, slayd, spam va hokazo). Biz bu soʻzlarning iloji boricha oʻzbekcha muqobilini topishimiz kerak, albatta.

Haqiqatan, millat qiyofasi uning til boyligi bilan namoyon boʻladi. Bir zamonlar dunyoga til borasida ham hukmronlik qilgan madaniyatimiz yuksak rivojlangan davlatlar taraqqiyoti va globallashuvga “yutilib” ketmasligi uchun harakat qilishimiz zarur boʻladi.

Tan olib aytishimiz kerakki, bugungi kunda soʻzlashuvimizda asosan rus tilidagi iboralarni qoʻllash uchrab turadi. Bu, albatta, milliy tilimizga eʼtiborsizlik oqibatidir.“Vapshe”, “okey”, “neujeli”, “tak shto”, “nu”, “paka”, “pastoyanno”, “davay”, “nizashto”, “tema” “kak raz”, “tak”, “daje”, “narmalni”kabi bir qancha qurama soʻzlar soʻzlashuv tilimizga kirib kelganki, hatto ularni oʻsha til asosida ham yuqorida keltirilgandek shaklda qoʻllab, toʻgʻri talaffuz ham qilmaydiganlar bor.

Shu oʻrinda avtobekatlar nomini ham oʻylab koʻrish kerak boʻladi. Nafaqat yoʻlovchilar, balki haydovchilarning oʻzi ham bekat nomlarini notoʻgʻri talqin qilish holatlariga duch kelyapmiz. Misol uchun, “S 1”, “Alayskiy”, “Farxadskiy” yoki “Detskiy mir” degan iboralar qayerdan paydo boʻlgan?

Agar yoʻlovchilar notoʻgʻri atasa, haydovchilar toʻgʻri talaffuz qilib ibrat boʻladigan vaqtga yetib kelmadikmi?!

Mana, metro bekatlarimiz nomi rang-barang-ku. Asl nomi ham topib qoʻyilmoqda.Toshkent shahar hokimligining 2015-yil 16-iyundagi qaroriga asosan metroning Hamza bekati nomi — Novza, Habib Abdullayev bekati — Shahriston, Chkalov bekati – Doʻstlikdeb nomlandi. Novza — joyning tarixiy nomi. Qadimda bu hududdan oqib oʻtadigan Boʻzsuv kanali irmogʻiga toʻgʻon qurilib, balandlikdagi boʻsh yotgan yerlarda bogʻ-rogʻlar yaratilgan. Ekinzor dalalarga nov (toʻgʻon) orqali suv chiqarilgan. Shu munosabat bilan mazkur manzil va uning yaqin-atrofidagi yerlar “Novza”, yaʼni nov orqali suv chiqarilib obod qilingan joy deb ataladi. 

Ayni paytda Chilonzor tumanida joylashgan ushbu hududda shu nomdagi mahalla, koʻcha, bekat, savdo majmuasi va masjid bor. Shunday ekan, biz nega avtobus bekatlarini shunday goʻzal nomlar berib bezatmaymiz?

Davlat tilimiz taqdiri bilan bogʻliq bunday muammolar idora, tashkilot va muassasalardagi ish yuritish jarayonida ham koʻplab uchraydi. Masalan, oʻzim faoliyat boshlagan “Oʻzbekgidroenergo”aksiyadorlik jamiyati tizimida chetdan kirib kelgan yot soʻzlar koʻp. Jumladan, xalqaro atamalarni hisobga olmaganda, “gidrogenerator”, “sinxron kompensator”, “turbogenerator”, “podshipnik”, “gidroagregat”, “parogenerator”, “transformator” kabi soʻz va tushunchalar oʻzbekcha muqobilini kutib yotibdi.

Ajdodlarimizning ilk eʼtiqod manbai — “Avesto”da toʻrt unsur — suv, tuproq, olov va havo muqaddas sanalgan. Men bular sirasiga tilni ham kiritgan boʻlardim. Zero, tilimiz — biz uchun bebahoneʼmat. Uni qadrlash, eʼzozlash va aziz bilish, qolaversa, bor bisotu jozibasi bilan, yana-da boyitib kelajak avlodlarga yetkazib berish barchamizning burchimizdir.

S. POʻLATOVA,

“Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruv raisining maʼnaviy-maʼrifiy

 ishlar samaradorligini oshirish, Davlat tili toʻgʻrisidagi qonun 

hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi