Mayonez, ketchup, xantal: Ta’m beruvchi mahsulotlarning zarari bormi?

Mayonez, ketchup, xantal... Hozirda bu mahsulotlarni bilmaydigan, ular ishtirokida salatlar qilmagan inson kam topilsa kerak. Ayniqsa, salat tayyorlashda mayonezning o‘rni alohida. Hattoki yoshlarning aksariyat qismi yoqtirib yeydigan tez pishar ovqatlarga (fast-fudlar) ham hech bo‘lmaganda ketchup surtib yeyiladi. Xo‘sh, bunday oziq qo‘shimchalarining salomatlikka zarari bormi?
 
Mayonez
Foydasi. Uning tarkibidan o‘simlik moyi, tuxum sarig‘i, xantal va turli ziravorlar joy olgan. Demak, mayonez ajinlar va qon-tomir kasalliklari bilan kurashuvchi Ye vitaminiga boy. Qolaversa, unda ko‘zni o‘tkirlashtiruvchi va teri salomatligini ta’minlovchi A vitamini ham mavjud. Mayonez tez buzilmaydigan mahsulot bo‘lganligi sabab unga hech qanday konservantlar qo‘shilmaydi.
Zarari. Mayonezni ko‘p iste’mol qiluvchilarni ortiqcha kaloriyalar yig‘ilishi “ta’qib qiladi”. Chunki 100 gr. mayonez 660 kkal kaloriya degan gap. Qaddi-qomatingizga zarar keltirmaslik uchun kuniga mayonezdan bir oshqoshiq yeyish tavsiya etiladi. Bu miqdordan ortig‘i, albatta, ortiqcha.

Qanday tanlash mumkin?
• Eng avvalo, mayonez tanlayotganda undagi yog‘ miqdoriga e’tibor bering. Odatda mahsulot qadog‘ida yog‘lilik miqdori yozilgan bo‘ladi. Mayonezning yog‘lilik miqdori yuqori bo‘lgan turi (55 foiz yog‘), o‘rta kaloriyali turi (40-45 foiz yog‘) va yog‘lilik miqdori oz bo‘lgan (40 foizdan kam yog‘) turlari farqlanadi. Ayrimlar yog‘lilik miqdori qancha past bo‘lsa, shuncha yaxshi, deb o‘ylashadi. Ammo bu fikr noto‘g‘ri. Negaki, bunday mayonezlar tarkibida trans yog‘lar bo‘lishi mumkin. Bunday yog‘ turi qonda xolesterin miqdorini ko‘paytiradi. Shuning uchun, yog‘lilik darajasi me’yorda bo‘lgan mayonezlarni tanlagan ma’qul. Ammo bunda ham me’yorni unutmaslik kerak.
• Ikkinchidan, mayonez tarkibiga ahamiyat bering. Bunda unga tuxum solinganmi yoki tuxum kukunimi? Shunga e’tibor bering. Tuxum kukunidan ko‘ra, tuxumning o‘zi mazaliroq.

Ketchup
Foydasi. Unda erta qarish va yurak-qon tomir kasalliklarining oldini oluvchi likopin moddasi mavjud. Likopin kuchli antioksidant bo‘lib, o‘smaning ham oldini olishga yordam beradi. Mazkur modda pomidor tarkibida juda ko‘p bo‘lganligi sabab ketchupda uning miqdori bir necha barobarga ortadi. Negaki, atigi 100 gr. ketchup tayyorlanishi uchun ham bir kilogramdan ortiq pomidor sarf qilinadi.
Zarari. Ketchup tarkibida tuz miqdori ko‘p bo‘lganligi sabab uni ko‘p yeyish qon bosimi yoki buyrak kasalligi bor bemorlar uchun xavfli bo‘lishi mumkin.

Qanday tanlash mumkin?
• Ketchup qo‘shilgan tomat pastasi miqdoriga ahamiyat bering. Uning miqdoriga qarab ketchup sifati aniqlanadi. Agar mahsulot qutisida “esktra” yoki “premium” degan so‘zlar bo‘lsa, undagi tomat pastasi miqdori 40 foizdan kam bo‘lmasligi kerak. Agar qadoqda farqlash mumkin bo‘lgan alohida so‘zlar bo‘lmasa ham undagi tomat pastasi miqdori 15 foizdan kam bo‘lmasligi lozim.
• Ketchupni shisha idishdagisidan foydalangan ma’qul. Negaki, shisha idishiga qarab ketchupning sifatini bozorning o‘zidayoq baholasangiz bo‘ladi. O‘ta suyuq ketchuplarga ham ruju qo‘ymaslik kerak. Agar shisha idishni to‘nkarganingizda ichidagi ketchup oson quyilsa, demak unda suv va kraxmal miqdori ko‘p. Bu esa uning ta’miga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini unutmang.

Xantal
Foydasi. Xantal ishtahani yaxshilaydi. Yog‘li ovqatni hazm qilishga yordam berganligi sabab ham uni ko‘pgina taomlarga qo‘shib yeyish mumkin. Undagi efir moyi organizmning qarshi kurashish kuchini quvvatlashgani bois uni ko‘p yegan odam shamollash va tumovga oson berilavermaydi.
Zarari. Oshqozonida muammosi bor insonlar xantaldan voz kechganlari ma’qul. Negaki, oshqozon yarasida va gastritda o‘tkir mahsulotlar man etiladi. Uyqudan oldin ham xantal yemagan ma’qul.

Qanday tanlash mumkin?
• Qadoq ustida xantal kukunimi yoki xantal boshog‘i qo‘shilganmi? Shunga e’tibor qarating. Xantal boshog‘i kukundan ko‘ra foydali va mazali.
• Rangiga e’tibor bering. Xantal rangi qancha ochroq bo‘lsa, shuncha kam qizdiradi. Shunisi aniqki, xantal shisha idishda bo‘lsagina uning rangiga baho berishingiz mumkin.
• Xantal o‘tkirligi uning qayerda ishlab chiqarilganligidan darak beradi. Rossiyada ishlab chiqarilgan xantallar eng o‘tkiri hisoblanadi.

http://xabardor.uz/Mayonez%2C+ketchup%2C+xantal%3A+Ta%E2%80%99m+beruvchi+mahsulotlarning+zarari+bormi%3F