Oʻzbek sporti afsonasi – Lina Cheryazova
Oʻzbekiston uchun Olimpiya oʻyinlari tarixidagi ilk oltin medalni taqdim qilgan sportchi Lina Cheryazova hisoblanadi. Oʻzbekiston sporti tarixida oʻchmas iz qoldirgan buyuk sportchi 1968-yilning 1-noyabrida Toshkent shahrida dunyoga kelgan.
Yosh Lina 1976-yildan eʼtiboran ustozi Tamara Yerofeyeva qoʻl ostida sport gimnastikasi bilan shugʻullana boshlagan. Keyinchalik qishki sport turlariga alohida mehr qoʻyib, Dmitriy Kavunov murabbiyligida fristayl boʻyicha astoydil mashgʻulotlarga kirishdi.
Lina Cheryazova 1989-yilda ilk bor Sobiq Ittifoq terma jamoasi tarkibida Fransiyaning Tin shahrida oʻtkazilgan Jahon kubogida ishtirok etdi va 9-oʻrinni qoʻlga kiritdi. U jahon kuboklaridagi dastlabki medalni 1991-yilning fevral oyida Kanadaning Mon-Gabriele shahrida oʻtkazilgan jahon birinchiligida qoʻlga kiritgan. Oʻshanda sportchi kumush medal egasiga aylangan edi. Oradan bir yil oʻtib Germaniya mezbonlik qilgan Jahon kubogining birinchi bosqichida Cheryazova tengsiz ekanligini isbotladi.
Lina Cheryazova 1992-yilning fevral oyidan 1994-yilning fevral oyiga qadar Jahon kuboklarining 18 ta bosqichida ishtirok etib 13 bor gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. U bor yoʻgʻi bir marta kuchli uchlikka kira olmay, 4-oʻrin bilan kifoyalandi. Bundan tashqari u 1990 va 1991-yillarda sobiq Sovet Ittifoqi chempioni boʻlgan.
Lina Cheryazova 1993-yilda Avstriyada jahon chempionligini qoʻlga kiritdi. 1994-yilda esa Norvegiyaning Lillexammer shahrida tashkillashtirilgan toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasi qishki Olimpiya oʻyinlarida oltin medal egasiga aylandi. Eʼtiborlisi, Cheryazova Olimpiya oʻyinlarida fristaylning akrobatika yoʻnalishi boʻyicha ilk chempion sifatida tarixga kirdi.
Yuqorida aytib oʻtganimizdek, Lina Cheryazova oʻzbek sporti tarixida ilk bor qishki Olimpiya oʻyinlarining oltin medali sohibasi boʻlgan edi. Eʼtiborlisi bu oltin medal hali-hanuz oʻzbek sportchilari uchun yagona boʻlib turibdi.
1994-yilda 25 yoshli Lina Cheryazova AQSHning Leyk-Plesid shahrida mashgʻulot oʻtkazish jarayonida juda ogʻir jarohatga yoʻliqqan edi. U tepalikdan tushayotgan paytda boshi bilan yiqilgan va ikki hafta davomida komada qolib ketgan.
Lina bu jarohatdan soʻng nafaqat tiklanib qaytdi, balki katta sportga ham qaytishga muvaffaq boʻldi. Keyinchalik sportchi katta gʻalabalarga erishmagan boʻlsa-da, yana bir bor Qishki Olimpiya oʻyinlarida qatnashdi. 1998-yilgi Yaponiyaning Nagano shahrida oʻtkazilgan nufuzli musobaqada u 13-oʻrinni qoʻlga kiritgan edi. Shu musobaqadan soʻng u katta sportni tark etdi.
Lina Cheryazovaning sportda qoʻlga kiritgan yutuqlari Hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi”, “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvonlari va “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi.
1999-yilda Lina Cheryazova Oʻzbekistondan Rossiyaga koʻchib ketdi. 2019-yilning 23-mart kuni afsonaviy sportchi Lina Cheryazova 51 yoshida Rossiyaning Novosibirsk shahrida ogʻir kasallikdan vafot etdi. U hayotining soʻnggi damlarini ota-onasi tugʻilib katta boʻlgan Novosibirsk shahrida oʻtkazdi.