Nukusda sablya qilichbozlari bilan sport psixologiyasi bo‘yicha amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Nukusda sablya qilichbozlari bilan sport psixologiyasi bo‘yicha amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi

 

Nukus shahrida ayni kunlarda sablya yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida sport psixologlari va yosh qilichbozlar ishtirokidagi uchrashuv tashkil etildi.

 

Uchrashuv davomida sportchilarning musobaqaga ruhiy tayyorgarligi, stressni boshqarish, diqqatni jamlash va g‘alabaga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Mutaxassislar qilichbozlik kabi tezkor va yuqori konsentratsiyani talab qiladigan sport turida psixologik barqarorlik hal qiluvchi omil ekanini alohida ta’kidladilar.

 

Tadbirda psixolog Gulbaniy Esemuratova — Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat universiteti o‘qituvchisi, shuningdek Timur Dauletnazarov — Nukus shahridagi Oliy sport maktabi psixologi o‘z ma’ruzalari va amaliy tavsiyalari bilan ishtirok etdilar. Ular sportchilar bilan jonli muloqot olib borib, real musobaqa vaziyatlarida ruhiy holatni nazorat qilish bo‘yicha mashqlarni namoyish etdilar.

 

Shuningdek, mazlur uchrashuvda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti filiali sport psixologiyasi yo‘nalishi talabalari ham qatnashib, nazariy bilimlarini amaliy jarayon bilan uyg‘unlashtirish imkoniga ega bo‘ldilar.

 

Mazkur uchrashuv sportchilarning nafaqat jismoniy, balki ruhiy tayyorgarligini mustahkamlash, psixologiya va sport o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yanada kuchaytirishga xizmat qildi. Nukusda o‘tkazilayotgan ushbu o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini zamonaviy sport tayyorgarligining muhim tarkibiy qismi sifatida e’tirofga loyiq.