Yutuqlar chetga surilib, muammolar tahlil qilindi

Yutuqlar chetga surilib, muammolar tahlil qilindi

Bundan roppa-rosa 1 oy muqaddam poytaxtimiz qilichbozlik bo‘yicha Osiyo-Okeaniya mintaqasi uchun Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi litsenzion turnirga mezbonlik qilgan edi. Unda jamoamiz 2 ta yo‘llanmaga ega bo‘lib, jahon reytingidagi litsenziya bilan hisoblaganda o‘z tarixida ilk bor Olimpiya o‘yinlarida 3 ta sportchi bilan qatnashadigan bo‘ldi. Shubhasiz, bu yuqori natija. Biroq kamchiliklar ham yo‘q emas. Bugun MOQ hamda O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi Rustam Shoabdurahmonov shu va boshqa masalalar bo‘yicha terma jamoa mutasaddilari bilan suhbatlashdi. 

“Musobaqada yuqori natijaga erisha oldik. Biroq potenitsalimiz bundan ham katta edi. Rapira va shpaga qurollarida yetarli kamchiliklar bor. Avvalo, ushbu yo‘nalishlarda raqobat kuchsiz ekani, olib borilayotgan seleksiya ishlaridan qoniqmayotganimni aytib o‘tmoqchiman. Viloyatlardan iqtidorli yoshlarni saralab olishda oqsoqlanyapmiz. Hukumatimiz bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Trenerlar istagan barcha sharoitni yaratib berdik. Natija qani? Parij-2024 Olimpiadasi siklida bunday bo‘lmasligi kerak. Barcha litsenziyalarni reyting orqali qo‘lga kiritish zarur”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov. 

Shuningdek, suhbatda bu yil Shantou shahrida o‘tadigan yoshlar, kelasi Xanchjoudagi kattalar Osiyo o‘yinlari uchun seleksiyani kuchaytirish, yuklatilgan vazifalarga masʼuliyat bilan yondashish, tuzilgan rejalarni yana bir karra puxta ko‘rib chiqish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi