MOQ rahbariyati Prezidentimiz bergan topshiriqlar bo‘yicha terma jamoalarimiz bazalariga tashrif buyurib, u yerda sportchilarimiz uchun yaratib berilgan sharoitlar bilan yana-da yaqindan tanishib bormoqda. Bugun MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov Toshkent viloyatining “Yangiobod” va “Dukent” sport bazalarida Tokio-2020 Olimpiadasiga tayyorlanayotgan terma jamolarimizning yig‘iniga tashrif buyurdi.

MOQ rahbari dastavval “Yangiobod”da bokschilarimiz bilan suhbatlashdi. Unda Tokio-2020 litsenziyasini qo‘lga kiritgan sportchilarimiz va ularning murabbiylari, federatsiya mutasaddilari ishtirok etishdi. Suhbatda Rustam Shoabdurahmonov davlatimiz rahbarining Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonida sportchilarimizni qo‘llab-quvvatlayotgani, ayniqsa, bokschilarimizdan yuqori natijalar kutayotganini aytib o‘tdi. Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan yurtimizda boksni rivojlantirish haqidagi yaqinda eʼlon qilingan qarori, uning mazmun-mohiyati haqida gapirdi. MOQ rahbari uchrashuv davomida har bir bokschimiz bilan birma-bir ularning rejalari, ijtimoiy ahvoli, salomatligi bo‘yicha gaplashib chiqdi. O‘z navbatida, uchrashuvda federatsiya bosh kotibi Murod Mamadaliyev, terma jamoa bosh murabbiyi Marat Qurbonov va shifokor Dilshod Kazakov sportchilarimizning bugungi jismoniy holati va salomatligi haqida maʼlumot berishdi.

 

Xabar berganimizdek, hozirda ushbu bazada xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini olib borilmoqda. Unda Jazoir, Eron, Ozarbayjon, Iordaniya kabi terma jamoalar ham ishtirok etyapti. Suhbatdan so‘ng MOQ raisi jamoalarning mashg‘ulot jarayonini kuzatdi.

 

Shundan so‘ng Rustam Shoabdurahmonov “Dukent” bazasiga bordi. U yerda qilichbozlik bo‘yicha terma jamoamiz yig‘in olib bormoqda. MOQ hamda O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi bu yerda ham litsenziat sportchilarimizning har biri bilan yuzma-yuz, shundan so‘ng murabbiylar va jamoaning boshqa vakillari bilan suhbatlashdi.

Taʼkidlash joiz, qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi ilk bor Olimpiya o‘yinlariga 3 ta yo‘llanma qo‘lga kiritib, o‘z tarixida yangi sahifa ochgan. MOQ rahbari uchrashuvda jamoamiz uchun barcha kerakli sharoitlar yaratib berilishi, ularning tayyorgarligi hukumatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini taʼkidladi.