Suhbat. Toshkent tibbiyot akademiyasi professori, neyropsixolog Zarifboy IBODULLAYEV. Salomatlik

Shifoxona sindromi bolalar xastaligimi?

​Betob boʻlsak darrov shifokorga murojaat qilamiz. Ayrim hollarda esa shifoxonada yotib davolanishimizga toʻgʻri keladi. Bunday vaziyatda shifoxonaning begona muhiti kishi ruhiyatiga taʼsir qilmay qolmaydi. Baʼzan esa ayrim ruhiy buzilishlarga ham sabab boʻlishi mukmkin. Shunday hollardan biri shifoxona sindromi deyiladi.

Xoʻsh, bu kasallik koʻproq qanday odamlarda paydo boʻladi? SSV matbuot xizmatining shu kabi savollariga Toshkent tibbiyot akademiyasi professori, neyropsixolog Zarifboy IBODULLAYEV javob berdi.

— Ushbu sindrom yosh bolalarda nisbatan yaqqolroq namoyon boʻlgani bois, bu ibora dastlab kichkintoylarga nisbatan qoʻllangan. Keyinchalik esa uning belgilari kattalarda ham kuzatilishi aniqlandi.

Yaqinlaridan uzoqda, haftalab, baʼzan oylab shifoxonada davolanish yosh bola tugul kattalar uchun ham oson emas. Shu maʼnoda shifo maskanida boʻlish murgʻakning ruhiyati va jismoniy rivojlanishiga sezilarli taʼsir koʻrsatib, unda shifoxona sindromini yuzaga keltirishi mumkin.

Yaʼni bola jisman zaiflashib, turli ogʻriqlardan shikoyat qiladi va tashqi muhit bilan aloqasi tobora passivlashib boradi. Bemor bola shifoxonadan uyga qaytgach ham koʻchaga chiqishni xohlamaydi, tengqurlari, oila aʼzolari bilan chiqishmaydi. Dori ichishga oʻch yoki aksincha muolajalardan bezib qoladi. Qizigʻi shundaki, endi bemor uydan koʻra shifoxonani afzal koʻradi.

— Bemorlarda shifoxona sindromi qanday sabablarga koʻra kelib chiqishi mumkin?

— Bemorda shifoxona sindromi yuzaga kelishining oʻziga yarasha sabablari bor. Ularning asosiylari quyidagilardir:

• surunkali kasalliklar;

• uzoq muddat statsionar davolanish yoki tez-tez shifoxonaga tushish;

• davolanish mahali uydan va tashqi dunyodan uzilib qolish;

• ruhiy kasalliklar bilan ogʻrish;

• yaqinlar mehriga toʻymaslik yoki aksincha, haddan ziyod gʻamxoʻrlikdan bahramand boʻlish;

• kasallik tufayli vafot etishdan qoʻrqish, yaʼni turli fobiyalar...

— Shifoxona sindromi bolada qanday salbiy oʻzgarishlarni yuzaga keltiradi? Bu paytda qanday yoʻl tutish kerak?

— Agar 5-6 yoshli bola, deylik, 2-3 yil mobaynida koʻp marotaba shifoxonaga tushgan va u yerda bir necha haftalab yotgan boʻlsa, nafaqat jismoniy, balki tengqurlariga nisbatan aqliy rivojlanishdan ham ortda qola boshlaydi.

Buning sababi shubhasiz, bola uy, mahalla-koʻy, bogʻcha yoki maktab muhitidan ancha uzoqlashganligidir. Hatto shifoxonaga tarbiyachi oʻqituvchi chaqirilib, taʼlim-tarbiya berilganda ham koʻzlangan natijaga erishish mushkul. Chunki bola uzoq muddat davolangani bois “men xastaman” degan fikr miyasiga oʻrnashib qoladi va har bir vaziyatga bemor koʻzi bilan qaraydi.

Tibbiyot xodimlari, shuningdek, ota-ona keragidan ortiqcha mehr koʻrsatishi tufayli bolada xudbinlik rivojlanishi ham mumkin. Yoki aksincha, unga yetarli darajada eʼtibor berilmasa, yon-atrofdagilarga nisbatan adovat hissi shakllanishi hech gap emas. Demak, bu vaziyatda bolaga gʻamxoʻrlik koʻrsatishda meʼyorni topa olish muhim.

yuz.uz