MOQ va Vazirlik rahbariyati Olimpiya shon-shuhrati muzeyi va gimnastika saroyini ko‘zdan kechirdi

MOQ va Vazirlik rahbariyati Olimpiya shon-shuhrati muzeyi va gimnastika saroyini ko‘zdan kechirdi

O‘zbek va butunjahon Olimpiya o‘yinlari tarixini o‘zida aks ettirgan poytaxtimizdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida hozirda katta taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Bugun MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov boshchiligidagi mutasaddilar, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov muzeyda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi. Mehmonlarni muzey direktori Gulnoza Ahmatova qarshi oldi.

Taʼkidlash joiz, muhtaram Prezidentimiz so‘nggi yig‘ilishlarida maʼnaviyat-madaniyat, sport sohalariga yana-da katta ahamiyat qaratmoqdalar. Olimpiya shon-shuhrati muzeyi esa har ikki yo‘nalishni o‘zida jamlagan obyektdir. Bu muzey orqali tashrif buyuruvchilar xalqimiz va poytaxtimiz mehmonlari uchun Olimpiya o‘yinlari tarixi, unda o‘zbekistonlik sportchilarning qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlari haqida qimmatli maʼlumotlarga ega bo‘lishlari mumkin. Mutasaddilar muzeyning rekonstruksiya loyihalari, uning yangi qiyofasi bilan tanishishar ekan, u orqali yoshlarimizning sportga bo‘lgan qiziqishlarini yana-da uyg‘otadigan qo‘shimcha eksponatlar, ko‘rgazmalarni ko‘paytirish borasida o‘z fikrlarini bildirishdi, deya xabar beradi MOQ o'z rasmiy olympic.uz saytida

Mutasaddilarning keyingi tashrifi Gimnastika saroyiga amalga oshirildi. Ularga O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi raisi vazifasini bajaruvchi Ruslan Mustayev hamrohlik qildi. Taʼkidlash joiz, ushbu maskan so‘nggi bir necha oy ichida koronavirusga chalingan minglab hamyurtlarimizni qabul qildi. Hozirda saroy yana sportchilarimiz bilan gavjum. Gimnastika bo‘yicha turli yosh toifalarida vakillarimiz anʼanaviy mashg‘ulotlarga qaytishgan. Shu jumladan, ular orasida Yekaterina Pirojkova murabbiyligidagi qizlarimizni ham uchratish mumkin. Rustam Shoabdurahmonov va Ravshan Irmatov rossiyalik murabbiy bilan suhbatlashishar ekan, jamoamizning 13-18 aprel kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan Jahon kubogi bosqichi va Olimpiya o‘yinlariga litsenziya beruvchi boshqa musobaqalarga tayyorgarligi bilan yaqindan tanishishdi.

“Sizlarni yana sevimli uyingizga qaytganingiz bilan tabriklaymiz. Nasib qilsa, ushbu arenada Yangi O‘zbekiston uchun yangi g‘alabalaringizni taqdim qilasizlar degan umiddamiz. MOQ hamda Vazirlik bu borada kerakli sharoitlarni yaratib berishga tayyor. Yaqinlashib kelayotgan musobaqada butun xalqimiz Sizlardan chiroyli g‘alabalar kutishmoqda”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Taʼkidlash joiz, Gimnastika saroyi Jahon kubogidan so‘ng yana bir nufuzli musobaqani qabul qiladi. Ushbu arenada 24-26 aprel kunlari qilichbozlik bo‘yicha Osiyo qitʼasi uchun Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi litsenzion musobaqa bo‘lib o‘tadi. Mutasaddilar tashrif davomida obyektning joriy musobaqalarni qabul qilishga shayligi, uning imkoniyatlarini yana bir bor ko‘zdan kechirishdi.