Mamlakatimizda keyingi yillarda hamma sohalarda misli ko‘rilmagan keng ko‘lamli va chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda.  Bu yangi O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davriga asos solmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek,  “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib xizmat qilishi lozim”.

Sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish ushbu milliy g‘oyamizning asosiy ustunlaridan biri deb eʼtirof etilganligi chuqur maʼnoga ega.

Avvallari butun jahonda farovon mamlakat deyilganda faqat iqtisodiyot va mehnat samaradorligining o‘sish surʼati, yalpi ichki mahsulot hajmi  va aholi jon boshiga o‘rtacha daromadning yuqoriligi tushunilgan. Ammo XXI asrda birgina iqtisodiy o‘sishning o‘zi halq farovonligining mezoni bo‘la olmasligi, olingan daromad  boshqa maqsadlarga, jumladan asosan harbiy qudratga erishish uchun qurollanishga, yoki bir guruh  korrupsionerlarning yana-da boyishiga  sarflanishi mumkinligi maʼlum bo‘lib qoldi.

Natijada Nobel mukofoti laureati Amartya Kumar Sen va pokistonlik mashhur iqtisodchi Mahbub ul-Haq tomonidan Inson taraqqiyoti konsepsiyasi ilgari surildi. Bu g‘oya jamiyat rivojlanishining markaziga faqatgina oddiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarni oshirish  emas, aksincha eng avvalo   inson, uning kamol topishi, bahtiyor hayot kechirishi, umrboqiy bo‘lishi kerakligiga asoslangan.

Inson taraqqiyotini belgilaydigan  indeks mamlakat erishgan natijalarining uch yo‘nalishi o‘rtacha darajasini: salomatlik va uzoq umr ko‘rish (umr davomiyligi), taʼlim sifati va darajasi (taʼlim olish davomiyligi) hamda munosib va farovon hayot kechirish darajasi (aholi jon boshiga yalpi milliy daromad) bo‘yicha baholanadi.

O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Rivojlanish dasturi tomonidan ishlab chiqilgan so‘nggi – 2019 yilgi Inson taraqqiyoti reytingida jahonning 189 mamlatai o‘rtasida 106-o‘rinni egallagan. Shunisi eʼtiborliki, ushbu reytingning shohsupasida iqtisodiy jihatdan eng qudratli hisoblangan AQSH, Xitoy, Germaniya emas, balki siyosatining ustuvor yo‘nalishi fuqarolarini har taraflama qo‘llab-quvvatlash bo‘lgan Norvegiya, Irlandiya va Shveysariya turibdi.

Reytingga kiritlgan mamlakatlar ularning rivojlanish darajasiga shartli ravishda to‘rt  guruhga bo‘lingan. Birinchi guruh – “juda yuqori inson taraqqiyoti” ko‘rsatkichiga ega davlatlar bo‘lib, peshqadam 62 ta mamlakatni tashkil etadi.  Ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish konsepsiyasi” loyihasida mamlakatimizning  ushbu  reytingda 40 o‘ringa ko‘tarilishi mo‘ljallangan. Ana shu natijaga erishishda asosiy eng muhim hayotiy omil sifatida jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish belgilangan.

O‘rta asrlardayoq Sharqdagi ilk Uyg‘onish davrining buyuk allomasi Abu Ali ibn Sino “O‘z vaqtida, meʼyori bilan badantarbiya qilgan odamga dard yaqin yo‘lamaydi. Badantarbiya bilan mashg‘ul bo‘linsa, hech qanday dori-darmonga zarurat qolmaydi, buning uchun muayyan bir tartibga rioya qilmoq ham shart”, deb uqtirgan edi. “Tibbiyot otasi” deb tan olingan ko‘hna davrning mutafakkiri Gippokrat ham “Gimnastika, jismoniy mashqlar, piyoda yurish mehnat qobiliyatini va salomatligini saqlab qolmoqchi bo‘lgan, chinakam va shodmon hayot kechirishni xohlagan har bir odamning kundalik turmushidan mustahkam o‘rin olmog‘i lozim” deb tavsiya berganligi bejiz emas.

Aslida sog‘lom turmush tarzi deyilganda salomatlikni saqlash, kasallanishlarning oldini olish, umuman inson organizmini jismoniy faollik orqali mustahkamlash tushuniladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga ko‘ra,  inson saomatligining 20 foizini yashayotgan joyidagi muhit, 10 foizini sog‘liqni saqlash tizimi, 50 foizini esa sog‘lom turmush tarzi belgilaydi. Olimlarning tadqiqotlari, shuningdek sog‘lom turmush tarzi, inson umrini Germaniyada 40 yoshdan so‘ng 10-12 yilga, AQSHda 50 yoshdan so‘ng 12-14 yoshga uzaytirishidan dalolat bergan.

Sog‘lom turmush tarzining bosh omili hisoblangan jismoniy faollik jismoniy mashqlarni, sayrlarni, faol transportdan (velosipeddan) foydalanishni nazarda tutadi. Fiziologlar jismoniy faollikning har bir soati umrni 2-3 soatga uzaytirishini ham isbotlaganlar.

Bunda jismoniy faollik haftasiga kamida 2,5 soatni (haftaning besh kunida kuniga 30 daqiqadan) tashkil etishi shart. Shu bilan birga kuniga kamida 1 soat yurish (yaʼni taxminan 8000-10 000 qadam) tavsiya etiladi. Buning uchun, masalan agar jamoat transportidan foydalaniladigan bo‘lsa, boriladigan joydan 1-2 bekat ilgari tushib, qolgan masofani  yayov yurib, bosib o‘tish mumkin.

Fan-texnika taraqqiy etib, qo‘l mehnati muttasil kamayib borayotgan hozirgi paytda jismoniy faollik nihoyatda katta ahamiyatga ega. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislarining tekshirishlari  bugungi kunda kurrai zaminimizdagi har to‘rt insondan birining jismoniy faolligi xalqaro tavsiyalarda belgilangan mezonlarga muvofiq emasligini ko‘rsatgan. Shuningdek yurak xastaligining 30 foizi, qand kasalligining (diabet) 27 foizi, yo‘g‘on ichak kasalligining 25  foizi   bevosita jimoniy faollikning yetishmasligi bilan bog‘liq ekan.  Agar butun insoniyat jismoniy faol bo‘lganida yiliga 5 million odam o‘limiga yo‘l qo‘yilmagan bo‘lar ekan.  Bu, ayniqsa yosh avlodga taalluqlidir. Dunyodagi o‘smirlarning 80 foizida jismoniy faollik yetishmasligi aniqlangan.

Shuning uchun  Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yoshga nisbatan jismoniy faollik ko‘rsatkichlarini ishlab chiqqan. Xususan, 5 yoshgacha bo‘lan bolalarga kuniga 3 soat, 5-17 yoshdagilarga –  kamida 1 soat ammo jadallik  bilan, 18-64 yoshdagilarga haftasiga huddi shunday 5 soat  jismoniy faollik bilan shug‘ullanish tavsiya  etilgan.

O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar doirasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirishga birinchi darajali eʼtibor berilmoqda. Davlatimiz rahbari besh tashabbusining ikkinchisi – aholini, ayniqsa yoshlarni  jismoniy tarbiya va sportga yana-da keng jalb etish uchun  sport inshootlari quvvatini oshirishga qaratilgan dastur loyihasida  har bir tumanda yengil konstruksiyali, sendvich panelli kichik sport zallari qurilmoqda. Yurtimizdagi umumtaʼlim maktablarida 7151 ta sport  to‘garaklarining  faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ushbu  yo‘nalishga 24,8 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

COVID-19 koronavirus pandemiyasi jamiyatda sog‘lom turmush tarzi, jismoniy faollikni qaror toptirishning nihoyatda katta ahamiyatga ega ekanligini yaqqol ko‘rsatdi. Bu xastalik, birinchi navbatda,  jismoniy faollik yetishmasligi oqibatida yurak-qon tomir va nafas olish yo‘llari kasalliklarga chlinganlar  hamda ortiqcha vaznga ega bo‘lganlarga halokatli taʼsir qildi.

 Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, aholi sog‘lig‘ini mustahkamlashga ko‘maklashadigan aniq dasturlarni amaliyotga joriy etish, yoshlarni sportga keng jalb qilish va ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish maqsadida  Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjat ijrosini taʼminlash uchun   har bir oila, mahalla, tuman va shaharda, maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalarida hamda boshqa tashkilotlarda jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug‘ullanishga shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Xususan,  har bir tuman markazi va shaharlarda piyoda va velosipedda yurish uchun “Salomatlik yo‘laklari”  tashkil etilmoqda. Faqat Toshkent shahrining o‘zida  bosqichma-bosqich barcha tumanlarda aholi uchun qulay bo‘lgan ko‘chalarda umumiy uzunligi 50 kilometr bo‘lgan piyoda va velosipedda yurish uchun “Salomatlik yo‘laklari”ni tashkil etiladi. Ushbu maqsadlar uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan  20 million AQSH dollari miqdorida foizsiz ssuda ajratiladi.

Aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda  yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, mahalla va ko‘cha fitnesi sportning ustuvor turlari sifatida belgilandi. Shuningdek,  taʼlim muassasalarida darslar oralig‘ida “Sport daqiqasi” jismoniy mashqlari, darslar boshlanishidan oldin nafas olish mashqlarini o‘tkazish amaliyotga joriy etilmoqda. Korxona va tashkilotlarda jamoa shartnomalariga muvofiq  ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari o‘tkazilishi  yo‘lga qo‘yilmoqda.

Buning uchun uchun Davlat byudjetidan 2021 yilning o‘zida har yili 104 milliard so‘mdan, shu bilan birga jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb qilishga qaratilgan dasturlarni moliyalashtirish uchun har yili 10 milliard so‘mdan mablag‘lar ajratiladi. Shuningdek, umumtaʼlim maktablariga 50 ta sport zali qurilishi uchun 100 milliard so‘m, sport taʼlim muassasalariga 48 ta sport inshooti qurilishi uchun 400 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.

Yangidan barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar joylarni qurish bo‘yicha tasdiqlangan amaldagi shaharsozlik normalariga zamonaviy sport, shu jumladan yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, mahalla va ko‘cha fitnesi zamonaviy maydonchalari tashkil etish kiritilmoqda. Yilning har choragida  tuman va shaharlarda “Sog‘lom turmush tarzi rivojlangan mahalla” tanlovi tashkil etilib, uning g‘oliblari moddiy va maʼnaviy jihatdan rag‘batlantirib boriladi.

Ushbu keng ko‘lamli tadbirlarning hayotga tadbiq etilishi natijasida 2025 yilgacha mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan aholining umumiy sonini 30 foizgacha, sport tashkilotlari va muassasalarida shug‘ullanayotgan yoshlarning umumiy sonini 20 foizgacha oshirish taʼminlanadi. Bu jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzi qaror topishiga xizmat qilishi shubhasizdir.

Erkin ERNAZAROV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist