Biroq, bungacha yoshlarimiz joriy yil 20-28 noyabr kunlari Xitoyning Shantou shahrida bo‘lib o‘tadigan III yoshlar Osiyo o‘yinlarida ishtirok etishadi. Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ushbu nufuzli musobaqaga tayyorgarlik masalasi muhokama qilindi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda yoshlar III yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalarning masʼul rahbarlari ishtirok etishdi. Yig‘ilishga Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov raislik qildi.
Shuni taʼkidlash kerak, Shantouda bo‘ladigan musobaqa vakillarimiz uchun 2025 yilgi IV yoshlar Osiyo o‘yinlari oldidan o‘ziga xos ko‘rik, qolaversa tajriba maktabi vazifasini ham o‘tab beradi. Shu bois bu safargi musobaqaga O‘zbekiston tomoni har qachongidan jiddiy yondashmoqda.
Darvoqe, bungacha o‘tkazilgan yoshlar Osiyo o‘yinlarida vakillarimiz qanday ishtirok etishganiga ham to‘xtalib o‘tsak. Musobaqa birinchi marta 2009 yili Singapurda bo‘lib o‘tdi.
Ilk bora tashkil etilgan musobaqa dasturidan atigi 9ta sport turi o‘rin olgan, bahslarda esa qitʼamizning 43ta davlati vakillari ishtirok etgan. Singapurda O‘zbekiston sharafini 6ta sport turidan 29 nafar atlet himoya qilgan va yakunda vakillarimiz 3ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 20-o‘rinni qo‘lga kiritgan.
2013 yili Xitoyning Nankin shahri mezbonlik qilgan II yoshlar Osiyo o‘yinlari dasturiga 16ta sport turi kiritilgan bo‘lib, hamyurtlarimiz shularning 10tasida 61 nafar sportchi bilan ishtirok etgan. Bu safar vakillarimiz bitta oltin, 2ta kumush va 5ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 14-o‘rinni egallashdi.
Shantouda bo‘ladigan III yoshlar Osiyo o‘yinlari dasturidan jami 21ta sport turi o‘rin olgan. Bugungi yig‘ilishda musobaqa dasturiga kiritilgan hamda yurtimizda keng ommalashgan sport turlari bo‘yicha yoshlar terma jamoalarining tayyorgarlik jarayoni, kelgusi rejalari va imkoniyatlari muhokama qilindi. Shu bilan birga sport federatsiyalariga o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini puxta tashkil etishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilishi taʼkidlandi. Maqsad aniq – III yoshlar Osiyo o‘yinlarida munosib ishtirok etish va yangi O‘zbekistonning nufuzini yana-da oshirish.