So‘nggi paytlarda katta muhokamaga sabab bo‘layotgan ADAMS tizimi bilan ishlash bo‘yicha bir qator loyihalar muhokama qilinayotgani haqida xabar bergan edik. Bugun soha mutasaddilari ushbu tizimda ishlash samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha navbatdagi uchrashuvni tashkil qilishdi. Unda MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, Milliy antidoping agentligi direktori Nodir Tursunov, RSTIAM direktori Abdushukur Sadikov va boshqa mutasaddi xodimlar ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda Sherzod Tashmatov mazkur tizim bilan ishlash bo‘yicha tuzib chiqilgan mexanizmni amalga tatbiq qilish haqida o‘z fikrlarini bildirdi. MOQ raisi o‘rinbosari bu borada soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzilgani, ularning faoliyati borasida batafsil tushuntirish berib o‘tdi. O‘z navbatida, yig‘ilish ishtirokchilari ushbu reja haqida qo‘shimcha fikr va takliflarini bildirib o‘tishdi.

Eslatib o‘tamiz, ADAMS tizimi Xalqaro antidoping agentligi tomonidan ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, sportchi 1 kvartal, yaʼni 90 kun mobaynida o‘zining qayerda ekanligini soatbay shaklida ko‘rsatib o‘tishi, ular orasidan alohida belgilagan vaqtida doping ofitserlari tahlil olish uchun borishlari mumkin. Bordiyu, sportchi o‘zi ko‘rsatgan vaqtda o‘sha manzilda bo‘lmasa, unga ogohlantirish beriladi. 90 kun ichida ana shunday ogohlantirishlardan 3 ta olgan atlet shaffoflikni taʼminlay olmagani uchun 2 yilga diskvalifikatsiya qilinadi. Agar sportchining manzilida o‘zgarish sodir bo‘lsa, u profilidagi hududni 24 soatgacha bo‘lgan vaqt ichida o‘zgartirib qo‘yishi mumkin.

MOQ Matbuot xizmati