Eʼtiborli tomoni, bu kabi saʼy-harakatlar tizimli va izchil davom ettirib borilmoqda. Jumladan, 2020-yil 30-oktyabrda "Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident Farmoni imzolandi. Farmonda respublikada aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol bilan bir qatorda “Workout” (mahalla va ko‘cha fitnesi) sportning ustuvor turlaridan biri sifatida belgilandi.
Shu bilan birga, 2021-yil – "Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" Davlat dasturida ham bu boradagi ishlar samarasini yuqori natijalarga olib chiqish maqsadida bir qator vazifalar belgilanganini ko‘rish mumkin.
Xususan, Davlat dasturining sportni yana-da rivojlantirishga qaratilgan 207-bandida aholini ommaviy sport turlariga keng jalb qilish orqali 2021-yilda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanuvchilar qamrovini hozirgi 19 foizdan 25 foizga yetkazish borasida alohida choralar belgilangan. Mazkur bandni hayotga joriy etish maqsadida aholining barcha qatlamlarini qamrab oladigan ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi.
“Samarqand Half marathon”, “Yangi nafas marafon”, “Navruz marathon”, “Save Aral” marafon (yarim marafon)lari, yoshlar o‘rtasida olimpiya harakatini rivojlantirish maqsadida 23-iyun – Xalqaro olimpiya kuniga bag‘ishlab "Olimpiya harakati" sport festivallari shular jumlasidandir.
2021-yil yakunigacha Davlat dasturining 209-bandi ijrosi taʼminlanib, sportning yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va “Workout” (mahalla va ko‘cha fitnesi) turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish maqsadida aholi punktlarida, har bir mahalla va tuman (shahar)da jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug‘ullanishga shart-sharoitlar yaratiladi.
Shu o‘rinda aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirishda “Workout” (mahalla va ko‘cha fitnesi) turlariga alohida urg‘u berilgani bejiz emas. Bugungi kunda barcha avlod vakillari erkin harakatlanish va rivojlanishi uchun imkon beradigan sport turlarini tanlashga intilmoqda. Ammo barcha fuqarolar ham ishdan keyin fitnes markazga borish uchun vaqt yoki iqtisodiy imkoniyat topa olmasligi mumkin.
Shu o‘rinda, Workout (mahalla va ko‘cha fitnesi) ishlash va yashash joyi uchun yaqin bo‘lgan hududda istalgan vaqtda, hech qanday sarf-xarajatsiz shug‘ullanish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, sportni rivojlantirish borasida Davlat dasturida nazarda tutilgan vazifalarning o‘z vaqtida hayotga tatbiq etilishi, fuqarolarga nafaqat o‘z salomatliklarini mustahkamlashga, shu bilan birga, jamiyatda sog‘lom turmush tarzi shakllanishiga yordam beradi. Bu boradagi ishlar samarasi natijasida esa 2025-yilga kelib aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiligi 76,4 yoshga yetkaziladi.
Anvarjon MIRKOMILOV,
"Taraqqiyot strategiyasi" markazi bosh mutaxassisi, O‘zA