“Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida ommaviy sport festivaliga start berildi

Toshkent viloyati Piskent tumanida ham “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostidagi ommaviy sport festivali deyarli har bir mahallaga kirib bordi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi hamda xalqiga Murojaatnomasida 2021-yil yakunida mamlakatimiz bo‘ylab jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan aholi qamrovini 25 foizgacha yetkazish vazifasi qo‘yilgan edi.

Mazkur topshiriq, qolaversa, 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi tashabbusi bilan respublikamiz bo‘ylab “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida ommaviy sport festivaliga start berildi.

Mazkur festival sportning mini-futbol, voleybol, basketbol, badminton, stol tennisi va shaxmat-shashka turlari bo‘yicha tashkil etilmoqda. Ushbu festival uch bosqichda: mahalla – tuman (shahar) – hudud bosqich hamda Respublika bosqichi bo‘yicha o‘tkaziladi.

Toshkent viloyati Piskent tumanida ham “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostidagi ommaviy sport festivali deyarli har bir mahallaga kirib bordi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan, tumandagi A.Temur mahallasi hududida joylashgan “Paxlavon” sport klubida mahalla xotin-qizlari ishtirokida ommaviy sport tadbiri tashkil etildi.

Dastavval 20 nafarga yaqin xotin-qizlar ishtirokida ommaviy badantarbiya mashqlari bajarildi. So‘ngra armrestling va shaxmat-shashka musobaqalari tashkil etildi.

Festival yakunida faol ishtirok etganlar viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

minsport.uz