Toshkent viloyati sport boshqarmasi tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida boʻsh yer maydonlarini taklif qildi

Toshkent viloyati sport boshqarmasi tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida boʻsh yer maydonlarini taklif qildi

Nurafshon shahridagi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Toshkent viloyati boʻlimi binosida viloyat hokimining turizm va sport masalalari boʻyicha oʻrinbosari S.Nizamov hamda viloyat Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi K.Adilovlar ishtirokida kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Unda boshqarma tasarrufidagi barcha tuman(shahar) jismoniy tarbiya va sport boʻlimlari, bolalar-oʻsmirlar sport maktablari rahbarlari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.

Yigʻilishda soʻzga chiqqan Toshkent viloyati hokimining turizm va sport masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sayfiddin Nizamov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonda belgilangan topshiriqlar ijrosi doirasida har bir tuman(shahar)da tashkil etilgan Streetball, Workout maydonchalari hamda “Salomatlik yoʻlakchalari” boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi. Sport maydonchalarini qurish borasida sustkashlikka yoʻl qoʻyayotgan tuman(shahar)lar jismoniy tarbiya va sport boʻlimlariga tegishli tavsiyalar berildi.

Soʻngra Toshkent viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi K.Adilov ham soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-apreldagi “Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Qarorida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosiga alohida toʻxtalib, bolalar-oʻsmirlar sport maktablari hududidagi boʻsh yotgan yer maydonlari tadbirkorlarga belgilangan tartibda davlat-xususiy sheriklik asosida berilishini maʼlum qildi. Ushbu oʻzaro manfaatli bitim avvalo sportni rivojlantirishga hissa qoʻshishi lozimligi taʼkidlandi.

Shu yerning oʻzida K.Adilov Toshkent viloyatida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish maqsadida barcha tadbirkorlarga Murojaatnoma yoʻlladi. Eʼtiborlisi, yigʻilish yakunida 7 nafar tadbirkor Toshkent viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasiga qarashli boʻsh yer maydonlaridan davlat-xususiy sheriklik asosida foydalanish taklif bilan chiqishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati