Jizzaxda Prezident farmonining ijrosi qay darajada?

Jizzaxda Prezident farmonining ijrosi qay darajada?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining joylarda ijrosi bajarilishi yuzasidan Jizzax viloyat hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi Sindar Rahmonqulov hamda viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi Sharof Kulatov tomonidan amaliy ishlar olib borilmoqda. 

Jumladan, mutasaddi rahbarlar viloyatning Arnasoy tumani yoshlari uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish, ular tomonidan berilgan takliflarni oʻrganish maqsadida ushbu hududga tashrif buyurishib, “Yangi Boʻston” MFY hududida joylashgan Transport kasb-hunar kolleji sport zali bilan tanishdi hamda bu yerda qoʻshimcha sport toʻgaraklari tashkil etishga boʻyicha takliflar berishdi.

12x24 oʻlchamdagi ushbu sport zalning isitish tizimidagi kamchiliklar, qolaversa elektr taʼminotidagi qarzdorlik tufayli tarmoqdan uzilganligi bilan bogʻliq muammolarni ijobiy hal qilish, sport zalni qayta taʼmirlash va jihozlash boʻyicha 2021-yil davlat dasturiga kiritish yuzasidan viloyat hokimligiga takliflar kiritildi. Bugungi kunda ushbu sport zalda bolalar-oʻsmirlar sport maktabi trenerlari Jamol Burxonov va Temurmalik Burxonov 150 nafardan ziyod oʻquvchi-yoshlarga sportning kurash, dzyudo, bel olish kurashi turlaridan mashgʻulotlar oʻtib kelmoqda.

Shuningdek, mutasaddi rahbarlar viloyatning “Doʻstlik” tumani Manas MFYda boʻlib, oʻquvchi yoshlar oʻrtasida sportning shaxmat, stol tennisi va dzyudo turlaridan oʻtkazilayotgan sport musobaqalarini kuzatishdi. Musobaqa “Doʻstlik” tumani hokimligi, Yoshlar ishlari agentligining tuman boʻlimi, XTB boʻlimi hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida tashkil etildi.

Musobaqada 80 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Bellashuvlar yakunida gʻolib va sovrindorlar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Mehmonlar Manas MFYda boʻlib, 12-sonli umumtaʼlim maktabida qoʻshimcha sport toʻgaraklarini tashkil etish yuzasidan oʻz takliflarini berishdi. Bugungi kunda ushbu maktab sport zalida dzyudo toʻgaragi tashkil etilgan boʻlib, unga trenerlar J.Faridov hamda M.Poʻlatov rahbarligida 40 nafardan ortiq oʻquvchi yoshlar jalb etilgan.

Tadbir davomida Jizzax viloyati hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi S.Rahmonqulov hamda Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi Sh.Kulatovlar mahalliy yoshlar bilan uchrashib, hududda qoʻshimcha sport turlarini tashkil etish va oʻquvchi yoshlarni sportga yana-da keng jalb etish boʻyicha oʻz tavsiyalarini ham berishdi.

5-yanvar kuni mutasaddilar viloyatning Zomin tumanida ham boʻldi. Bu yerda ular taʼmirlash ishlari olib borilayotgan Zomin tuman yopiq suzish havzasi, Zomin tumanida qurilgan va qurilishi rejalashtirilgan Streetball va Workout maydonchalarini koʻzdan kechirishdi hamda kerakli takliflarni bildirishdi.

Bundan tashqari tumanda boʻsh turgan Zomin tuman Turizm kasb-hunar kollejining sport zali bilan tanishib, bu yerda badminton sportini rivojlantirish maqsadida bolalar-oʻsmirlar sport maktabining badminton trener-oʻqituvchisi Muqaddas Sarmisova bilan uchrashdi. Oʻquvchilar badminton bilan shugʻullanishlari uchun Turizm kasb-hunar kolleji sport zalida badminton toʻgaragi, Zomin tuman Tibbiyot texnikumining sport zalida esa boks toʻgaragini ochish yuzasidan oʻz takliflarini berishdi.

Taʼkidlash kerak, ayni paytda ushbu sport zallarda 60 nafardan ziyod oʻquvchi yoshlar badminton va boks sport turlari bilan muntazam shugʻullanib kelishmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati minsport.uz