Ta'lim yangiliklari

Akademiya talabasi — g'olib

Xabaringiz bor, joriy yilning 14-19-dekabr` kunlari Toshkent shahrida madaniy meros haftaligi bo'lib o'tgan edi. SHu munosabat bilan Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Ma'naviyat va ma'rifat markazi tomonidan “Milliy madaniy merosimiz” mavzusida talaba-yoshlar o'rtasida videoroliklar tanlovi o'tkazildi.

Buyuk Ipak yo'lida joylashgan, sharq va g'arbni mustahkam bog'lagan qadim va betakror yurtimiz azaldan taniqli ilm-fan namoyandalari bilan dovruq qozongan. Zamonamizgacha etib kelgan tarixiy yodgorliklar va yozma manbalar diyorimizda asrlar davomida ilm-fan, madaniyat gullab-yashnaganidan darak beradi.

Bugungi kunda mamlakatimiz hududidagi minglab madaniy meros durdonalari, minglab arxeologik ob'ektlar va qazilmalar mavjudligi buning tasdig'i hisoblanadi. Bizning zimmamizdagi vazifa esa ularni kelajak avlodga ham beshikast etkazishdan iborat. Buning uchun esa yoshlar orasida milliy o'zlik, madaniy merosimizga bo'lgan ijobiy yondashuvni kuchaytirish talab etiladi.

Xabaringiz bor, joriy yilning 14-19-dekabr` kunlari Toshkent shahrida madaniy meros haftaligi bo'lib o'tgan edi. Shu munosabat bilan Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Ma'naviyat va ma'rifat markazi tomonidan “Milliy madaniy merosimiz” mavzusida talaba-yoshlar o'rtasida videoroliklar tanlovi o'tkazildi.

O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmatining xabar berishicha, tanlovga 150 ga yaqin videoroliklar kelib tushib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi. Ovoz berish natijalariga ko'ra eng ko'p ovozga ega bo'lgan 20 ta videorolik hakamlar hay'atiga taqdim qilindi. Hakamlar videorolikning ma'no-mazmuni, kreativ yondashilganligi va ishtirokchining ijodiy mahoratini inobatga olgan holda tanlov sovrindorlari aniqlandi.

    Quvonarlisi, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakul`teti “Ziyorat turizmi” yo'nalishi 2-bosqich talabasi Muhammadamin Mamanov ham qatnashib, o'zining “O'zbekiston madaniy merosi yoshlar nigohida” nomli videoroligi bilan g'oliblikni qo'lga kiritdi.

– Yurtimiz tarixi nihoyatda boy, – deydi Muhammadamin Mamanov. – Bu o'lkadan ko'plab allomalar, ilm fuzalolari etishib chiqqan. Ular qoldirgan nodir qo'lyozmalar, kitoblar, mukammal va go'zal arxitektura obidalari bizning madaniy meroslarimiz hisoblanadi. Bu kabi yodgorliklarimizni dunyoga tanitish bizning asosiy maqsadimiz sanaladi. Zero, yurtimizda turizmni rivojlantirishda yoshlarning ahamiyati va o'rni beqiyos hisoblanadi. Shu bois tanlovda “O'zbekiston madaniy merosi yoshlar nigohida” nomli videoroligim bilan ishtirok etdim. Videoroligim orqali tengdoshlarimda yurtimizning tarixiy qadamjolari bilan g'ururlanish, faxrlanish tuyg'usini uyg'otishni o'z oldimga maqsad qilib qo'ygandim. Kelgusida “O'zbekiston madaniy merosi dunyo nigohida” mavzusida videorolik bilan qatnashmoqchiman.

N. MAHMUDOV yuz.uz