Soʼnggi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, aholining barcha qatlamlari orasida jismoniy madaniyatni yuksaltirish, qolaversa, xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan sportchilar uchun barcha sharoitlarni yaratishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʼsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning ikkinchisi bevosita jismoniy tarbiya va sportga yoʼnaltirilgan boʼlib, unda yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish koʼzda tutilgan.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 yanvardagi "2020 — 2022 yillarda Oʼzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi PQ—4565-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 31 iyuldagi 654—F-sonli Farmoyishi bilan Toshkent shahar, Mirzo Ulugʼbek tumani Аmir Temur koʼchasi “Sultoniya” mahallasida zamonaviy, qulay va ixcham sport majmuasi qurib, foydalanishga topshirildi.
Sport majmuasi qurilish sohasidagi ilgʼor texnologiyalarni amalga tatbiq etgan holda, yengil konstruktsiyali va zamonaviy sendvich panellari asosida qurilgan boʼlib, oʼlchami 18x30 metr boʼlgan mazkur sport zalining qurilishiga qariyb 2,5 mlrd. soʼm mablagʼ sarflandi.
Bugun ushbu sport majmuasining ochilish marosimi boʼlib oʼtdi. Unda Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev, Mirzo Ulugʼbek tumani hokimi Shavkatbek Ergashev, mahalla faollari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida soʼzga chiqqan Jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiev tadbir ishtirokchilari va mahalla aholisini yangi, koʼrkam sport majmuasi faoliyat boshlagani bilan tabrikladi.
Shundan soʼng yangidan qad rostlagan sport majmuasida mahalla sportchilari ishtirokida boks va taekvondo boʼyicha ajoyib chiqishlar namoyish etildi.
Shuni alohida taʼkidlash kerak, sport majmuasining barpo etilishida gʼisht oʼrniga sendvich panellaridan foydalanish natijasida qurilish tarnarxi oʼrtacha 450-500 mln. soʼmga arzonlashgan boʼlsa, qurilishning davomiyligi 1,5-2 oygacha qisqardi.
Endilikda bu maskanda shu atrofda istiqomat qiluvchi 100 nafardan ortiq oʼgʼil-qizlar sportning boks, taekvondo hamda shaxmat-shashka turlari bilan muntazam shugʼullanish imkoniyatiga ega boʼlishdi.
Kelgusida bu kabi sport inshootlarini mamlakatimizning deyarli har bir mahallasida barpo etish orqali yosh avlod, qolaversa aholining barcha qatlamlarini sogʼlom turmush tarziga jalb etish maqsad qilingan.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati