Suhbat. Shaxzoda Egambirdiyeva: "Men g'alaba qozonishimga qattiq ishongan edim"

Shaxzoda Egambirdiyeva: "Men g'alaba qozonishimga qattiq ishongan edim"

O'zbekiston Kubogi doirasida qilichbozlikning shpaga yo'nalishida o'tkazilgan musobaqada Respublika Olimpiya zahiralari kolleji talabasi Shaxzoda Egamberdiyeva kadetlar birinchiligida shohsuppaning yuqori pog'onasiga ko'tarilishga muvaffaq bo'ldi. Shaxzoda g'alaba qozonishiga qattiq ishonganligi bois ham u bor mahoratini ishga solib, kuchli sportchi ekanligini isbotladi. ­­­­

– Shaxzoda ushbu turnir birinchiligiga erishishda, qaysi bellashuv siz uchun qiyin kechdi?

– Musobaqaning final bosqichigacha bo'lgan bahslar men uchun deyarli qiyin kechmadi. Quvonarli jihati shundaki men g'alaba qozonishimga qattiq ishongan edim va buni uddasidan chiqdim.

– Bundan avvalgi turnirda siz ikkinchi o'rinni egallagan edingiz, mag'lubiyatingiz sababini nimada deb o'ylaysiz. Siz uchun eng kuchli raqib kim?

– Ha, men o'smirlar orasida bo'lib o'tgan musobaqada atiga bir ochko farqi bilan (15:14) hisobida final bellashuvini boy bergan edim. Qilichbozlik yo'lakchasi doimo sergaklikni talab etadi, men esa biroz shoshib qoldim. Albatta, hamma vaqt ham omad kulib boqavermaydi. Mening eng kuchli raqibim Sevara Rahimova va u bilan o'tadigan bellashuvlar murakkab kechadi.

– Tanqidga qanday qaraysiz?

– Har qanday tanqidni tog'ri qabul qilishga va ijobiy hulosa chiqarishga  harakat qilaman.

– Insonlarda qaysi hislatlarni qadirlaysiz?

– Avvalo to'g'ri so'z, samimiy, mehribon va mehnatsevar insonlarni qadirlayman.

– Sportda erishayotgan yutuqlaringiz uchun kimlardan minnatdorsiz?

– Albatta, ustoz-trenerlarimdan. Ayniqsa, oila a`zolarim va  eng yaqin insonim, mehribon, talabchan birinchi murabbiyim Dilorom Turduqulovadan cheksiz minnatdorman. Menga ishongan va har doim meni qo'llab quvvatlab turuvchi jamoadosh do'stlarimga raxmat aytaman.

 Muborak Yakubova suhbatlashdi.