Мамлакатимизда “Avtomobilsiz kun”

“Avtomobilsiz kun”ga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 2020-yil 19-noyabrdagi “Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasi Qaroriga koʻra, 2021-yildan boshlab 22-sentyabr respublika boʻyicha “Avtomobilsiz kun” sifatida belgilanishiga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda Sogʻliqni saqlash vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Transport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasidan mutasaddilar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Unda soʻzga chiqqan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi boshqarma boshligʻi Umid Rajabov quyidagi maʼlumotlarni taqdim etdi:
«Hozirda mamlakatimizda 2 580 133ta shaxsiy avtotransport vositasi mavjud boʻlib, shundan 2 410 421 tasi yengil avtomashina hisoblanadi. Endi tasavvur qiling, har yili 22-sentyabr kuni qariyb 2 mln yengil avtomashina harakatlanmasa, shuncha mashinadan atmosferaga zaharli gazlar chiqishining oldi olinadi va ekologiya tozaligiga erishiladi.
Qolaversa, shu kuni oʻrtacha 2 mln kishi shaxsiy yumushlarini bajarish uchun koʻchaga piyoda yoki velosipedda chiqib, sogʻlom turmush tarzi targʻibotiga oʻz hissalarini qoʻshadi. Agar bitta shaxsiy yengil avtomobildan oʻrtacha 3-4 kishi foydalanishini inobatga olsak, bu raqam yana-da ortadi. Oʻz-oʻzidan shuncha odam sogʻlom turmush tarzi targʻibotchisiga aylanadi».

Matbuot anjumanida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan yana koʻplab savollarga javob olishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Matbuot xizmati