Shu yil 6-dekabr kuni Toshkentda yilning orziqib kutilgan sport voqeligi – II Toshkent xalqaro marafoni boʻlib oʻtadi.
Xabaringiz bor, ushbu tadbir dastlab “Navroʻz” bayramiga bagʻishlab 22-mart kuni oʻtkazilishi rejalashtirilgan edi, biroq koronavirus pandemiyasi sabab shu yilning dekabr oyiga koʻchirildi.
Bu safargi musobaqada ishtirokchilar taklif etilgan uchta masofadan birini tanlashlari mumkin: 42 195 metr (toʻliq marafon) va 21 097,5 metr (yarim marafon) – oflayn rejimda, 3 000 metr – onlayn rejimda boʻlib oʻtadi.
Marafon va yarimmarafon trassasi AIMS Xalqaro marafon va yugurish assotsiatsiyasi tomonidan sertifikatlangan. AIMS – World Athletics Xalqaro yengil atletika federatsiyalari uyushmasining aʼzosi hisoblanadi.
II Toshkent xalqaro marafonining litsenziyalangan trassasi yengil atletika sportchilariga 2021-yilda Tokioda boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish uchun litsenziya olish yoki qimmatli reyting ochkolarini qoʻlga kiritish imkonini beradi.
II Toshkent xalqaro marafonining umumiy mukofot jamgʻarmasi oflayn rejimda 180 million soʻmni tashkil qiladi. Gʻoliblar medal va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi.
Toʻliq roʻyxatdan oʻtganlar elektron chip oʻrnatilgan individual nomerli “ishtirokchi paketi”ga ega boʻladi, bu masofani bosib oʻtish vaqtini onlayn rejimda qayd etish va har bir ishtirokchiga oʻz natijasini kuzatib borish imkonini beradi.
Marafon doirasida toʻliq masofani bosib oʻtish uchun – 3 soat va 15 daqiqa, yarim masofani bosib oʻtish uchun esa 1 soat 30 daqiqa cheklov oʻrnatilgan.
21 kilometr masofani belgilangan vaqt ichida bosib oʻta olmaydigan marafon ishtirokchilari yarimmarafon finishiga yoʻllanadi. Bu ishtirokchilarning natijalari yarimmarafonning yakuniy bayonnomasiga kiritiladi.
Marafon va yarimmarafonda 18 yosh va undan kattalar qatnashishi mumkin. “Ishtirokchi paketi”ni olishda uzoq masofalarga yugurishga toʻsqinlik qiladigan kasalliklar yoʻqligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma taqdim etilishi shart.
Yugurishning boshlanish nuqtasi – Afrosiyob koʻchasida, “Humo Arena” muz saroyi yonida. Ishtirokchilar soat 10:00 ga taklif qilinadi, marafonga esa soat 11:00 da start beriladi.
Maʼlumot uchun: ishtirokchilar tomonidan 22-mart sanasiga olingan slotlar 2020-yilning 6-dekabridagi marafonda haqiqiy hisoblanadi. Roʻyxatdan oʻtgan shaxs dekabrdagi marafonda ishtirok eta olmagan taqdirda, uning registratsiyasi 2021-yilning mart oyiga – III Toshkent Xalqaro marafoniga koʻchiriladi.
Qisqa masofalar haqida maʼlumot:
Bundan avval 1,5 km va 3 km masofa uchun (oflayn rejimda) qoʻlga kiritilgan slotlar 2021-yil mart oyida oʻtkaziladigan III Toshkent Xalqaro marafoni uchun haqiqiy hisoblanadi.
Qishki yugurish musobaqalarida 1,5 km va 3 km masofada ishtirok etishni istaganlar bepul roʻyxatdan oʻtib, 6-dekabrdagi onlayn yugurishda qatnashishi mumkin. Ishtirokchi qayerda boʻlishidan qatʼiy nazar unda qatnashish uchun imkoniyat boʻladi.
Mazkur sport musobaqasi Oʻzbekiston Yengil atletika federatsiyasi tomonidan Oʻzbekiston Triatlon federatsiyasi bilan hamkorlikda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamda Markaziy Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasining qoʻllab-quvvatlashi ostida tashkil etilmoqda.
Tashkiliy qoʻmita huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda marafonning toʻliq sanitar xizmatlar nazorati ostida xavfsiz oʻtishini taʼminlaydi. Tadbirni oʻtkazish vaqtida tomoshabinlar, ishtirokchilar, hakamlar, koʻngillilar va texnik guruhlar tomonidan epidemiologik xavfsizlikning barcha qoidalariga soʻzsiz rioya qilinadi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati