Surxondaryolik oʻqituvchilar mamlakat rekordini yangilashdi

Mana buni marafon desa boʻladi, surxondaryolik oʻqituvchilar 17 soatda 136 kilometrlik masofani bosib oʻtishdi va mamlakat rekordini yangilashdi


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida, Surxondaryo viloyati Denov tumani hokimligi, tuman taʼlim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi kengashi hamda tuman jismoniy tarbiya va sport boʻlimi hamkorligida oʻziga xos, taʼbir joiz boʻlsa supermarafon tashkil etildi.

Gap shundaki, professionallar oʻrtasida oʻtkaziladigan marafon musobaqasida ham atletlar 42 kilometr 195 metr masofani bosib oʻtishadi. Toʻgʻri, buning uchun ular 3 soatdan koʻproq vaqt sarflashadi. Surxondaryoliklar esa bu masofani uch hissadan ziyodroqqa koʻpaytirgan holda yugurish va sportcha yurish orqali bosib oʻtishdi.

Kecha surxondaryolik marafonchilar «Denov-Termiz» yoʻnalishi boʻylab 136 kilometrlik masofani yugurish va sportcha yurish bilan toʻliq bosib oʻtish uchun startga chiqishgan edi. Ushbu supermarafonda tuman xalq taʼlimi boʻlimi metodisti Faxriddin Xudoyberdiyev, shuningdek, bir guruh jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari, jumladan 4-sonli umumtaʼlim maktabidan Rustam Sherniyozov, 27-sonli umumtaʼlim maktabidan Sherzod Ergashev hamda Akmal Toshev, 52-sonli umumtaʼlim maktabidan Akmal Valiyev, 66-sonli umumtaʼlim maktabidan Dilmurod Boʻtayev, 68-sonli umumtaʼlim maktabidan Musurmon Sattorov hamda 71-sonli umumtaʼlim maktabdan Erkin Toʻrayevlar qatnashdi.

Kecha, yaʼni 1-dekabr kuni soat 15:00da Denov pedagogika va tadbirkorlik instituti binosi oldidan startga chiqqan marafon ishtirokchilari tuni bilan dam olishmagan holda bugun soat 10:00da Termizga yetib kelishdi. Yoʻl-yoʻlakay marafonchilar qishloqlarda istiqomat qiluvchi aholini sogʻlom turmush tarziga targʻib etib borishganini ham alohida eʼtirof etish kerak.