Bagʻdodda ommaviy sport bilan shugʻullanuvchilar soni yaqin 5 yilda umumiy aholining 30 foizini qamrab oladi...mi?!
Davlatimiz rahbari tomonidan shu yil 24-yanvarda imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yana-da takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon hamda Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni 2025-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasiga asosan, kelgusi 5 yilda Fargʻona viloyati Bagʻdod tumani aholisining 30 foizi ommaviy sport bilan shugʻullanishi uchun shart-sharoitlar yaratiladi. Bu haqda tuman Jismoniy tarbiya va sport boʻlimi boshligʻi Qahramon Mirtazaqulov maʼlum qildi.
- Ayni paytda tumanimiz aholisining 7,3 foizi (15 ming 805 nafar) ommaviy sport bilan shugʻullanmoqda, - deydi Q.Mirtazaqulov. – Albatta, bu koʻrsatkich bizni qoniqtirmaydi va bu raqamni bosqichma-bosqich koʻpaytirib borish boʻyicha aniq rejalarimiz bor, ularni amalga oshirish mexanizmlari ham ishlab chiqilgan. Jumladan, kelgusi 5 yil ichida tumanning “Oʻzbekiston” va “Muqimiy” mahalla fuqarolar yigʻinida uzunligi 3-5 km. boʻlgan “Salomatlik yoʻlaklari” hamda “Xoʻjaqishloq” va “Namuna” mahalla fuqarolar yigʻinida ham shuncha masofada veloyoʻlakchalar barpo etiladi. Bundan tashqari, 25 ta mahallada voleybol, 30 ta mahallada badminton, 30 ta mahallada stritbol maydonchalari barpo etilib, tumanda mavjud 56 ta MFY hududida “Workout” (koʻcha fitnesi) tashkil etiladi.
Maʼlum boʻlishicha, Bagʻdod tuman bolalar-oʻsmirlar sport maktabida ayni paytda 2 ming 929 nafar oʻgʻil-qiz sportning 18 ta turi bilan muntazam shugʻullanib keladi. Buning uchun 79 nafar malakali murabbiylar biriktirilgan.
- Sport maktabi tasarrufida boʻlgan Markaziy oʻyingohimizda joriy yilda 1 mlrd. 817 mln. soʻmlik rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Hozirgi paytga kelib, bu yerda 65 foiz ish bajarildi. Bundan tashqari, 2021-yilda Investitsiya dasturi asosida oʻyingoh hududida sunʼiy qoplamali mini-futbol, basketbol, voleybol maydonlari hamda yugurish yoʻlakchalarini barpo etish rejalashtirilgan. Tuman hokimligi tomonidan xotin-qizlar sportini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda, mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan ajratilgan 5 mlrd. soʻmga xotin-qizlar uchun alohida sport majmuasi qurilishi tez orada boshlanadi. Shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan ajratilishi kutilayotgan 3,2 mlrd. soʻm mablagʻ evaziga 18x30 m2 oʻlchamdagi sendvich-panelli zamonaviy sport zali qurib bitkaziladi. Mazkur inshootlar foydalanishga topshirilgach, sport maktabining qamrovi 3 ming 509 nafarga yetadi, - dedi tuman Jismoniy tarbiya va sport boʻlimi rahbari.
Shuni taʼkidlash joiz, tumanda sportning ommalashgan turlari boʻyicha murabbiylar yetarli. Eʼtiborlisi, mamlakatimizda sport yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan oliy oʻquv yurtlarida 100 nafarga yaqin bagʻdodlik talaba tahsil olmoqda. Ular oliy maʼlumotga ega boʻlib qaytishi natijasida tumanda trenerlar yetishmasligi borasidagi muammo ancha barham topadi.
Darvoqe, tumanda haftaning seshanba va juma kunlari “Ommaviy sport kunlari” sifatida eʼlon qilingan.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati