Jismoniy salomatlikni oshirishga qaratilgan targ‘ibotlar
Toshkent viloyati bo‘ylab jismoniy salomatlikni oshirishga qaratilgan targ‘ibotlar muntazam olib borilmoqda
Davlatimiz rahbarining “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi taʼminlash va Toshkent viloyati aholisini doimiy sportga jalb etish maqsadida Toshkent viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan turli ommaviy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, hafta davomida doimiy ish bilan band aholi qatlamini dam olish kunlarida sport bilan shug‘ullanishlarini tashkil etish uchun Olmaliq shahri, Ohangaron, Yuqorichirchiq, Zangiota tumanlarida ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlari va sport turlari bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirlar doirasida aholi o‘rtasida yurishni targ‘ib qilgan holda yoshlarga o‘rnak ko‘rsatish, erta tongdan badantarbiya bilan shug‘ullangan holda jismoniy salomatlikni oshirishga qaratilgan targ‘ibotlar amalga oshirilmoqda.
Hammamizga maʼlumki, kun davomida faol bo‘lgan odam xizmat vazifasini katta ishtiyoq bilan bajaradi. Shuningdek, sport bilan muntazam shug‘ullanish kasalliklarning oldini oladi, sog‘lom va uzoq umr ko‘rishga yordam beradi.
Bu kabi tadbirlarga viloyat bo‘yicha 2 mingdan ortiq aholi vakillari qamrab olindi. Shuningdek ular bilan davra suhbatlari tashkil etilib, doimiy ravishda sport bilan shug‘ullanishlari bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati