Markaziy Osiyo Esports Federatsiyasi tashkil etildi.

Markaziy Osiyo Esports Federatsiyasi tashkil etildi. Uning Shtab-kvartirasi Toshkent shahrida boʻlishi rejalashtirilmoqda.

Oʻzbekiston Esports Federatsiyasi tashabbusi bilan Oʻrta Osiyo mamlakatlari - Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston kibersport tashkilotlari rahbarlari ishtirokida birinchi videokonferensiya shaklidagi muloqot tashkil etildi.

Videokonferensiyaning dastlabki qismida mintaqada kibersportni rivojlantirish va ommalashtirish xususida fikr almashildi. Hamkorlikda qoʻshma loyihalar tashkil etish, mintaqaviy musobaqalarni yoʻlga qoʻyish va boshqa bir qator muhim masalalar yuzasidan memorandum imzolandi.

Konferensiya davomida Oʻzbekiston Esports Federatsiyasi Raisi Azizbek Pattaxovning Markaziy Osiyo Esports Federatsiyasini tashkil etish boʻyicha taklifi koʻpchilik tomonidan maʼqullandi.

Tez orada ushbu jarayonning yuridik masalalari boshlab yuborilishi hamda, ushbu mintaqaviy tashkilotning bosh shtab-ofisi Toshkent shahrida boʻlishi rejalashtirilmoqda.

Oʻzbekiston Esports Federatsiyasi tomonidan ilgari surilgan ushbu yangi loyiha orqali “Central Asia Esports Federation” IESF va AESF tashkilotlari qoshida tashkil etiladi va ularning oldiga qoʻygan maqsadlari yoʻlida koʻmakdosh sifatida faoliyat yuritadi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Esports Federatsiyasi 2016-yildan boshlab faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizda kibersportni rivojlantirish, xalqaro maydonlarda elektron sport boʻyicha munosib ishtirok etish yoʻlida koʻplab loyihalar va vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda.

Kuni kecha federatsiya International eSports Federation (IESF)ning toʻla huquqli aʼzoligiga qabul qilindi.

Endilikda IESF tomonidan amalga oshiriladigan kibersport sohasidagi barcha xalqaro turnirlar, anjuman, konferensiya va boshqa tadbirlarida Oʻzbekiston Esports Federatsiyasi oʻz ovoziga hamda, doimiy oʻrniga ega boʻladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati