Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov piyodalar yurishi uchun moʻljallangan yoʻlaklar ahvolini tanqid qildi

Tanqid va tahlil

 

 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov yurtimizdagi shaharlar piyoda va velosipedda yurish uchun juda noqulay ekanligi haqida toʻxtalib oʻtdi: “Velosipedda yuraman desangiz, har oʻn metrda yo ariq uchraydi, yo yoʻl buzilgan boʻladi, yo zina chiqib qoladi”.

Kun.uz muxbirining maʼlum qilishicha, Toshkentda viloyat hokimlarining turizm va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari uchun tashkil etilgan oʻquv-seminarining ochilishida bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov ham ishtirok etgan.

Aziz Abduhakimov oʻz soʻzida mazkur oʻquv jarayoni respublikada turizm va sportni rivojlantirishda hamkorlik qilish hamda oʻzaro tajriba almashishda foydali boʻlishini aytib, yechimini kutayotgan ayrim kamchiliklarga ham toʻxtalgan. Xususan, koʻchalardagi piyoda va veloyoʻlaklar qoniqarsiz ahvolda ekaniga alohida urgʻu berdi.

«Yoshlarimiz, boshqa katta yoshli aholimiz ham jismoniy mashgʻulot bilan shugʻullangisi keladi. Lekin joy yoʻq. Oʻzimning misolimda aytadigan boʻlsam, bir nechta viloyat rahbarlari bilan koʻchalarda yurib koʻrdik. Uzoq bir qishloqni aytmayapman, yirik shaharlarimizdagi holat ham yurib boʻlmaydigan darajada. Na yugursa boʻladi, na velosipedda yursa. Belgilangan yoʻl belgilari yoʻq. Velosipedda yuraman desangiz, har oʻn metrda yo ariq uchraydi, yo yoʻl buzilgan boʻladi, yo zina chiqib qoladi va hokazo.

Samarqandni misol qilsak, viloyat hokimi shahar va tuman rahbarlari bir hafta koʻchalarni piyoda aylansin, deb qaror chiqardi. Nimaga viloyat hokimi shunaqa qaror qildi? Negaki, kattakon rahbarlar mashinada yuraversa, oddiy odamlarimiz, fuqarolar piyoda yurayotgan yoʻlaklar yoki veloyoʻlaklar qanaqa holatda ekanini bilmaydi.», – dedi bosh vazir oʻrinbosari oʻz soʻzida.

Avvalroq, Aziz Abduhakimov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent shahridagi veloyoʻlakchalarni koʻzdan kechirgan edi.

Prezident farmoniga asosan, 2021-yil 1-mayga qadar Oʻzbekiston shaharlari va har bir tuman markazida piyoda va velosipedda yurish uchun “Salomatlik yoʻlaklari” quriladi. Bu yoʻlaklar umumiy uzunligi 3–5 km boʻlib, oʻzaro uzviy bogʻliq boʻladi. Ularga energotejamkor, harakat sensorlari bilan jihozlangan yoritish tizimlari oʻrnatiladi. Yoʻlaklar boshlanishi, oraligʻi va yakunini koʻrsatuvchi yoʻl belgilari va yorugʻlik qaytaruvchilar bilan toʻliq taʼminlanadi. Bunda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulayliklar yaratish ham koʻzda tutilgan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati