Buyuk Britaniyaning “The Telegraph” nashri Oʻzbekiston Prezidentining sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish tashabbusi haqida yozdi

 

Buyuk Britaniyaning “The Telegraph” nashri Oʻzbekiston Prezidentining sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish tashabbusi haqida yozdi

 

Buyuk Britaniyaning yetakchi gazetalaridan biri - “The Telegraph”da “Oʻzbekistonda fuqarolar kuniga besh mil yoʻl yursalar, ularga haq toʻlanadi” sarlavhali maqola chop etildi.
“Dunyo” AA xabar berishicha– maqola nashrning Markaziy Osiyo boʻyicha muxbiri Jeyms Kilner tomonidan yozilgan.
Materialda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi harakatni yaratish tashabbusi haqida soʻz yuritilgan.
Muallif piyoda yurishni ragʻbatlantirish, ayniqsa, kuniga 10 ming qadam bosish gʻoyasini mamnuniyat bilan qoʻllab-quvvatlagan. U oʻzbek oshxonasi oʻzining ajoyib xususiyatlari, jumladan, betakror palov va somsa bilan mashhurligini taʼkidlar ekan, ushbu taomlar kuchli kaloriyali boʻlgani sababli ovqatlanishdan keyin, albatta, jismoniy mashqlar, xususan piyoda yurish va kechki sayr inson sogʻligʻi uchun foydadan xoli emasligini qayd etadi.
Jeyms Kilnerga koʻra, davlatimiz rahbari aholi salomatligi haqida gʻamxoʻrlik qilib, ushbu gʻoyani ilgari surdi. Bu koronavirus tarqalishi paytida juda dolzarb va oʻzbekistonliklar orasida yangi fitnes-trendning boshlanishi boʻldi.
Muallif Prezident Shavkat Mirziyoyev odamlarni tuz, shakar va yogʻ miqdori yuqori boʻlgan taomlar, shuningdek, xamirli ovqatlar, shirinliklar va non mahsulotlari isteʼmolini kamaytirishga chaqirganini taʼkidlaydi. Prezident aholi oʻrtasida toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzini har tomonlama targʻib qilish va sport markazlari sonini koʻpaytirish tashabbusini ilgari surdi.
“The Telegraph” - Buyuk Britaniyada 1855-yildan buyon nashr etilayotgan kundalik milliy gazetadir. Bosma nashr har kuni 318 ming nusxada chop etilmoqda. Gazeta Buyuk Britaniya va xorijiy mamlakatlarda tarqatiladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati