Toshkent tumani yoshlari uchun zamonaviy sport majmuasi sovgʻa qilindi

Toshkent tumani yoshlari uchun zamonaviy sport majmuasi sovgʻa qilindi

 

Bugun zamonaviy sport taraqqiyotida tez va sifatli quriladigan, koʻp funksiyalarga ega sport majmualarga katta ehtiyoj sezilmoqda.

Ana shu jihatdan sendvich panelli sport majmualari qurish ommalashib bormoqda.

Sendvich panellari–tez quriladigan binolar va inshootlarning asosiy qismi hisoblanadi. Panellar komponentlari sifatida bir-biri bilan yelimlangan metalldan qilingan varaqlar va isitkich tashkil qiladi.

Sendvich-paneldan qilingan binolarning ichi qishda issiq, yozda esa salqin boʻladi.

Ana shunday qurilish zamonaviy tajribasi asosida Toshkent viloyati Toshkent tumani bolalar-oʻsmirlar sport maktabi filiali uchun 36x36 oʻlchamdagi koʻp funksiyali sport majmuasi qurilib foydalanishga topshirildi.

Majmuada shuningdek, 12x24 oʻlchamdagi sunʼiy qoplamali futbol maydoni ham tashkil etilgan boʻlib, loyihaning umumiy qiymati 4 milliard 120 mln soʻmni tashkil etadi.

Qurilish ishlari Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mablagʻlari hisobidan amalga oshirildi.

Ushbu universal sport zalida bir paytning oʻzida basketbol, mini-futbol, voleybol, boks, gandbol, kurash va badminton sport turlari bilan shugʻullanish imkoniyati mavjud.

Natijada tuman yoshlarining qariyb 600 nafari muntazam oʻzlarining sevimli sport turlari bilan shugʻullanish imkoniyatiga ega boʻlishadi.

Bugun ana shu sport majmuasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Marosimda Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining oʻrinbosar Nodir Murotov, Toshkent tumani hokimi Odilxon Rustamov hamda sportchi yoshlar, mahalla faollari ishtirok etdi.

Sportchilarning koʻrgazmali chiqishlari, sanʼat ustalarining madaniy tadbirlaridan soʻng mehmonlar sport majmuasining imkoniyatlari, sport inventarlari bilan yaqindan tanishdilar.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati