Taʼzim sizga, salomatligimiz posbonlari!
Insonlarning sogʻligini asrash, tiklash, mustahkamlashdek olijanob ishga oʻz umrini, halovatini baxshida etgan sharafli kasb egalari – aziz shifokorlarimizni yurtimiz boʻylab keng nishonlanayotgan “Tibbiyot xodimlari kuni” munosabati bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Bu yil butun dunyoni oʻz iskanjasiga olgan tojdor virus xavotiri barchamizning, ayniqsa shifokorlarimizning sabr-qanoati, oʻz kasbiga boʻlgan muhabbati va tajribasini jiddiy sinovdan oʻtkazdi. Hatto buni muhtaram Yurtboshimiz ham alohida taʼkidlab, siz aziz shifokorlarga oʻz minnatdorligini bildirdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida 2019-2025-yillarga moʻljallangan Dastur tasdiqlandi. Koʻplab amaliy ishlar koʻlami kengaydi, qoʻshimcha muassasalar barpo etildi va koʻplab yoʻnalishlarga ixtisoslashgan markazlar qurib, soʻnggi texnologiyalar bilan jihozlanib, foydalanishga topshirilmoqda.
Bu harakatlar zamirida xalqimiz salomatligini asrash, tibbiyot xodimlariga munosib ish sharoitini yaratib berish maqsadi yotibdi. Bugungi sinovli kunlarda bu soha xodimlari mehnatini yana-da chuqurroq angladik. Bir soʻz bilan aytganda Gippokrat qasamyodiga sodiq qolayotgan, ulugʻ ajdodimiz Abu Ali Ibn Sino izdoshlari bilan haqli ravishda faxrlansak arziydi.
Sport va tibbiyot sohasi oʻzaro bir-biri bilan koʻp jihatdan bogʻliq, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Sportchilarimizning xalqaro maydonlarda Vatanimiz nomini ulugʻlashida siz shifokorlarning ham xizmatlaringiz beqiyos.
Soʻnggi yillarda yurtimizda sport tibbiyoti ham jadal rivojlanmoqda. Sport tibbiyoti nafaqat jarohatlarni davolaydi, balki, sportchining sogʻligi, ruhiyati tetikligi, musobaqalarga yuqori darajada tayyor boʻlishini ham taʼminlaydigan eng zarur sohalardan biridir.
Hozirda vazirligimiz tizimidagi sport taʼlim muassasalarida 355 nafar shifokor hamda 527 nafar hamshira faoliyat yuritmoqda. Ularning mehnat faoliyatini yaxshilash, moddiy ragʻbatdorligini oshirish oldimizda turgan dolzarb vazifalardan biridir. Zero, sportda shifokorning oʻrni murabbiynikidan aslo kam emas.
Qadrli tibbiyot xodimlari!
Sizlarni bugungi sharafli kasb bayramingiz bilan yana bir bor muborakbod etib, zahmatli faoliyatingizda ulkan zafarlar yor boʻlishini, sihat-salomatlik va oilaviy xotirjamlik hamrohingiz boʻlishini tilayman.