O'zbekiston Kubogida Umida Ilyosova g'olib bo'ldi

O'zbekiston Kubogida Umida Ilyosova g'olib bo'ldi

Xabaringiz bor Toshkentda joriy yilning 2-7-noyabr kunlari  qilichbozlik bo'yicha O'zbekiston kubogi musobaqalari o'tkazildi. Kuni kecha qilichbozlikning rapira yo'nalishi bo'yicha ayollar o'rtasida shaxsiy - yakkalik bahslari bo'lib o'tdi. Unda respublikamizning turli viloyatlaridan tashrif buyurgan jami 20 nafar sportchi qizlar birinchilik uchun kurash olib bordilar.

Keskin va qiziqarli kechgan bahslarda Samarqandlik Umida Ilyosova barcha raqiblarini dog'da qoldirib turnir g'olibiga aylandi. Musobaqaning yarim final bosqichida U. Ilyosova o'z raqibi Yekaterina Tadjirovani hisobdagi juda katta farq, ya`ni 15-4 hisobi bilan mag'lub etdi va finalga yo'llanmani qo'lga kiritdi.

Shuningdek, musobaqaning yarim final bosqichida Madinabonu Parpiyeva Gulmira Ziyayeva bilan o'zaro kuch sinashdi va Parpiyeva 15-7 hisobi bilan raqibidan ustun keldi. Musobaqaning final bosqichida ikki kuchli qilichbozlar o'zlarining bor mahoratlarini qilichbozlik yo'lakchasida namoyon etishdi. Yakuniy natijada esa Umida raqibi Madinabonu ustidan g'alaba qozondi va musobaqaning oltin medaliga sazovor bo'ldi. Hisob 15-8.

Umumiy natija esa quyidagicha:

1. Umida Ilyosova - Samarqand              

2. Madinabonu Parpiyeva - Toshkent

3. Yekatirina Tadjirova - Toshkent                

3. Gulmira Ziyayeva - Farg'ona

 

O'zbekiston qilichbozlik federatsiyasi Matbuot xizmati