YEXHT va Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi oʻrtasida ommaviy sport targʻiboti yoʻlida muhim qadam tashlandi

Xabaringiz bor, poytaxtimizdagi velotrek oʻquv-mashgʻulotlar bazasida bir necha kun davomida oʻsmirlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati boʻlib oʻtdi.

Bugun musobaqa gʻoliblarini taqdirlash marosimi koʻtarinki ruhda oʻtkazilib, unda Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasining doimiy hamkorlaridan biri – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti(YEXHT)ning Oʻzbekistondagi elchisi Jon Makgregor ham ishtirok etdi.

Taqdirlash marosimida yuqori martabali mehmon tomonidan Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasiga 40ta zamonaviy velosiped taqdim etildi.

Maʼlumot uchun: yangi velosipedlarning 30tasi velotrek oʻquv-mashgʻulotlar bazasiga, yana 10tasi federatsiyaning Namangan viloyati boʻlimiga topshiriladi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Jon Makgregor mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport, xususan ommaviy sport targʻibotiga shaxsan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida jiddiy eʼtibor qaratilayotganligini alohida taʼkidlab, mazkur jarayonda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti amaliy hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati