Ko‘pchiligimiz e’tiborsiz qoldirgan, ammo olimlar tomonidan isbotlangan salomatlik sirlari
Bugungi kunda fan inson haqida juda ko‘p ma’lumotlarni isbotlab ulgurgan. Umumiy tadqiqot natijalari esa hamma uchun birdek foydali.
O‘limning oldini olish mumkin bo‘lgan sabablar bo‘yicha statistik ma’lumotlar yetarli darajada emas. Shunday bo‘lsada, to‘g‘ri ovqatlanmaslik, jismoniy faollikning pastligi inson salomatligiga ta’sir etuvchi asosiy omillar ekanligini yaxshi bilamiz. Ammo nima uchundir bizga katta zarar yetkazadigan kichik omillarni esdan chiqarib qo‘yamiz. Quyida salomatligimiz uchun xavfli holatlar haqida bilib olasiz.
1. Shakarning zarari chekish bilan taqqoslanadi
Shakarni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish, chekish kabi yurak-qon tomir tizimiga ta’sir qiladi, insult xavfini oshiradi va hatto saratonning ayrim turlari rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
Agar shakar iste’molini kuniga 6-8 oshqoshiqdan oshirmasangiz, xavf sezilarli darajada kamayadi. Lekin shakar faqat choy yoki qahvada emas, turli xil qayla, taom va shirinliklar tarkibida ham ko‘p miqdorda bo‘lishini unutmaslik kerak.
2. Jismoniy faollik – uzoq umr ko‘rish kaliti
Zamonaviy hayot tarzida hamma ham jismoniy faol bo‘la olmaydi. Yurish, yugurish, sport zallarida shug‘ullanish uchun alohida vaqt ajratish qiyin. Ammo bu kabi mashqlar tana uchun suv va havodek zarur. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotda faol va passiv odamlar o‘rtasidagi o‘lim xavfi o‘rganildi. Natijada passiv odamlarda o‘lim xavfi aktivlarga qaraganda 80 foizga ko‘proq bo‘lishi aniqlangan. Bunday yuqori o‘lim xavfi, asosan, kashandalar, qandli diabet va yurak-qon tomir kasalliklariga chalingalarda kuzatilgan.
Kamharakatlik butun dunyo bo‘ylab o‘limning yetakchi sabablaridan biri bo‘lgan — semizlikka sabab bo‘ladi.U keltirib chiqaradigan kasalliklar ro‘yxati esa alohida mavzu bo‘ladi. Agar jismoniy mashqlardan dori sifatida foydalanilganida, bu dunyoda eng ko‘p buyuriladigan dori bo‘lar edi.
3. Optimistlik sog‘liqqa ijobiy ta’sir ko‘rsatadi
Oxirgi vaqtlarda pissimistlik yoshlar orasida ham kengayib bormoqda. Ammo optimistlik sog‘liqqa foydalidir. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, optimistlar o‘zlarining sog‘lig‘i haqida ko‘proq bilishadi. Va kasallik va qiyinchiliklarni oson yengishadi. Agar tez-tez kulsangiz, yurak-qon tomir kasalliklari xavfi kamayadi.
4. Hatto 10 daqiqalik mashqlar ham tanangizga yaxshi ta’sir ko‘rsatishi mumkin
Bu vaznni nazorat qilishga yordam berish bilan birga mushaklar faoliyatini ham yaxshilaydi. Balki uzoq mashg‘ulotlarga vaqt topa olmassiz, lekin har qanday odam ham o‘zi uchun hech bo‘lmaganda kuniga 10 daqiqa vaqt topishi mumkin.
5. Ochiq havodami yoki yugurish yo‘lakchasida?
Mutaxassislar uzoq vaqt davomida yugurish yo‘lakchasidan foydalanish inson uchun eng qulay degan xulosaga kelishdi. Bu jarohat olish xavfini kamaytiradi. Biroq umumiy salomatlikni mustahkamlash uchun vaqti-vaqti bilan ochiq havoda yugurish ham foydalidir.
6. Yurish ham yomon emas
Agar biron sababga ko‘ra yugurish siz uchun qiyin bo‘lsa, unda bu shart emas, shunchaki tez-tez yurish kifoya. Buning uchun alohida vaqt sarflash ham kerak emas. Shunchaki, ishga ketayotganda bekatgacha piyoda borish, liftdan foydalanmasdan zinalardan foydalanish ham piyoda yurishga kiradi. Xullas, variantlar juda ko‘p, asosiysi dangasa bo‘lmaslik kerak.
7. To‘g‘ri o‘tirish belga yomon ta’sir qiladi
O‘rindiqda to‘g‘ri, 90° darajada o‘tirib, qomatni tik tutish mumkinligi haqida o‘ylayotgan bo‘lsangiz xato qilasiz. Chunki bunday o‘tirish belga jiddy ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun yaxshisi, ish stolida 135° darajada o‘tirganingiz maqul.
8. Meditatsiya dam olishdan yaxshiroq
Doimiy dam olish, albatta, sizning ahvolingizni yaxshilaydi, ammo uning ta’siri juda qisqa bo‘ladi. Ko‘plab tadqiqotlar meditatsiya uzoq muddat ijobiy samara berishini isbotlamoqda. Ayniqsa, meditatsiyani yangi boshlayotganlar orasida kuchli o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
9. Odam sovuq havodan shamollamaydi
Sovuq havo shamollashga sabab bo‘ladi deyishadi, ammo bu unchalik to‘g‘ri emas. Kasallikka, asosan, virus sabab bo‘ladi. Sovuq havo esa virus tarqalishi uchun qulay muhit bo‘ladi: xonalar va transport vositalari shamollatilmaydi natijada u odamdan-odamga bemalol yuqishi mumkin.
10. Yurak-qon tomir kasalliklari saratondan ham yomon
Odatda kasal bo‘lmagan odam uchun ikkala kasallik ham xavfli. Ammo yurak-qon tomir kasalliklari saratondan ko‘ra tezroq o‘lim tomon yetaklaydi. Yurak-qon tomir kasalligiga chalinmaslik uchun sog‘lom turmush tarziga rioya qilib yashash kerak.
11. Uyqu sifati qanday to‘shakda yotishga ham bog‘liq
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qattiq to‘shak tanadagi ba’zi nuqtalar, masalan, bo‘ksa va yelkaga kuchli bosim o‘tkazadi, natijada bel va bo‘yin og‘rig‘i paydo bo‘ladi. O‘ta yumshoq to‘shak esa aksincha, yetarlicha qattiqlikni ta’minlab bera olmay tanada yana shunday og‘riqlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
12. Yoshimiz ulg‘ayishi bilan miya qisqarib boradi
60-70 yoshdan keyin miya neyronlarining kamayishi aqliy qobiliyatning pasayishiga va xotira zaiflashuviga olib keladi. Hammada ham bu jarayon kuzatiladi, ammo buni biroz bo‘lsada sekinlashtirishning iloji bor. Buning uchun zararli odatlardan butunlay voz kechib, miyani ishlatadigan mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish kerak. Masalan, turli boshqotirmalarni yechish yoki, shunchaki, kitob o‘qish kerak.
13. Terlash kaloriya va yog‘larni yoqotmaydi
Terlash, bu tananing yuqori haroratga reaksiyasidir. U shunchaki, suv va tuzlarni yo‘qotadi, xolos. Qancha ko‘p ortiqcha vazningiz bo‘lsa, jismoniy mashg‘ulotlarda shuncha ko‘p terlaysiz. To‘g‘ri, moddalar almashinuvi bois birozgina vazn yo‘qotarsiz. Ammo ortiqcha yog‘lar nafas olish yo‘li orqali chiqib ketadi.
14. Faqat bir nuqtadagi yog‘larni eritish afsonadek gap
Yog‘ yo‘qotish uchun mo‘ljallangan mashqlar va parhezlarning barchasi qolganlari bilan bir xil samaraga ega. Ya’ni ular butun tanaga bir xil tarzda ta’sir qiladi. Agar qorin yoki bo‘ksadagi yog‘larni eritmoqchi bo‘lsangiz, butun tanani ozdirishingizga to‘g‘ri keladi.
15. Yog‘i kam ovqatlar ozishga yordam bermaydi
Agar yog‘li ovqatlarni xush ko‘rsangiz, ularning tarkibida yana ham ko‘p tuz va shakar bo‘lishini unutmaslik kerak. Aslida yog‘ning o‘zi odamni semirtirmaydi. Ortiqcha vazn yeg‘ishimizga sabab bu ortiqcha kilokaloriyalarning tanaga singib ketishidir. Ortiqcha kkal.ni tana o‘ziga singdirmasligi uchun hamisha jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanib turish kerak.
16. Kuniga 8 stakan suv ichish shart emas
Spirtli ichimlikdan boshqa har qanday ichimlik tanani suyuqlik bilan ta’minlay oladi. Kundalik normani odatdagi kunlik ovqatlanish tizumidan olish mumkin. Lekin tana qancha suv talab qilayotganini aniqlab olish kerak.
http://xabardor.uz/Ko%E2%80%98pchiligimiz+e%E2%80%99tiborsiz+qoldirgan%2C+ammo+olimlar+tomonidan+isbotlangan+salomatlik+sirlari