“Sog‘lom hayot uchun 5 ming qadam” – marafon Buxoroda davom etmoqda

Karantin talablari yumshatilishi bilan mamlakatimizdagi barcha hududlarda sport seksiyalari, to‘garaklari, sport zallari va fitnes-klublar faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi.

Hozirgi kunda sportchilar ham karantin talablariga rioya qilgan holda mashg‘ulotlarni olib borishi, shuningdek, aholining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va salomatliklarini tiklashda ustuvor bo‘lgan sport mashg‘ulotlari jarayoniga ularni ko‘proq jalb etish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Buxoro viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, Qorako‘l tuman jismoniy tarbiya va sport bo‘limi tashabbusi bilan “Sog‘lom hayot uchun 5 ming qadam” shiori ostida marafon tashkil etildi.

Marafonda 400 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Tuman hokimi Sherali Salomov va sektor rahbarlari boshchiligidagi  marafon ishtirokchilari Qorako‘l tuman hokimligi binosidan tuman markaziy o‘yingohigacha bo‘lgan masofani yugurib o‘tdilar.

Barcha marafon ishtirokchilari karantin qoidalariga to‘liq rioya qilgan holda harakatlandi. Shundan so‘ng tuman markaziy o‘yingohida ommaviy badantarbiya mashqlari bajarildi. Ayniqsa, bunday faollik so‘nggi vaqtlardagi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga qarshi kurashish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, tadbir davomida tonggi badantarbiya va piyoda yurishning inson salomatligi uchun bo‘lgan ahamiyati yuzasidan aholiga keng maʼnoda tushuntirishlar ham berildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati