“Sport – salomatlik ustuni”: Toshkent viloyati bo‘ylab ommaviy tadbirlar davom etmoqda

Toshkent viloyati bo‘ylab, pandemiya davrida jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, kasalliklarning oldini olish, aholi keng qatlamlarini, ayniqsa yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb etish, ommaviy sportning inson va oila hayotidagi muhim ahamiyatini targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Zangiota tumanida tuman sport bo‘limi, Bolalar-o‘smirlar sport maktabi, “Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash” bo‘limi hamda Tibbiyot birlashmasi bilan hamkorligida tumandagi mahallalarning nuroniylari, faol bo‘lmagan ayol-qizlari hamda yoshlar ishtirokida ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlari va “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” sport tadbirlari tashkil etildi.

Tadbirlarda 500 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Ishtirok etuvchilar sport inson salomatligining asosiy ustuni ekanligini qayd etishdi. Umumiy tarzda ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlaridan so‘ng ishtirokchilar stadion bo‘ylab 5 marotaba piyoda yurib chiqishdi.

Tashkilotchilar tomonidan tadbirda faol ishtirok etgan keksa nuroniy otaxonlar va ayollar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shundan so‘ng, karantin qoidalariga rioya qilgan xolda, yoshlar yakka tartibda “Turnikda tortilish”, “400, 800 metr masofaga yugurish”, “Qo‘llarni bukib yozish” va “Tennis to‘pini uloqtirish” shartlari bo‘yicha shaxsiy birinchilik uchun bellashdilar. Musobaqaga Bolalar-o‘smirlar sport maktabining trenerlari hakamlik qilishdi. Hakamlar tomonidan g‘olib va sovrindor deb topilgan ishtirokchilarga tashkilotlar tomonidan ajratilgan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati