Ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini har bir fuqaroning hayotiga kiritishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Bugun, 23 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini har bir fuqaroning hayotiga kiritishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Maʼlumki, Hukumatimiz tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyat ko‘rsatishining barqarorligini taʼminlash yuzasidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Muhokamaga qo‘yilgan qarorga muvofiq, O‘zbekistonda global pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish hamda aholining barcha qatlamlarini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish orqali aholida kasallikka qarshi immun tizimini shakllantirish, kasallikdan keyingi davrda tiklash va reabilitatsiya ishlarini tashkil etish hamda aholining sog‘lom turmush tarzi garovi sifatida to‘g‘ri ovqatlanish targ‘ibotini kuchaytirish maqsad qilingan.
Unga ko‘ra, “Pandemiyani sport orqali yengamiz!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan O‘zbekiston Respublikasida 2020-2021 yillarda sport siyosatini jadallashtirish dasturi tasdiqlanadi. Shuningdek, Respublikada aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishning ustuvor yo‘nalishlari etib – sportning yurish, yugurish, mini futbol, velosport, badminton, voleybol, stritbol, fitnes, “Workout” — mahalla (ko‘cha) fitnesi turlari belgilab olinishi ko‘zda tutilgan va bu sport turlarining mamlakatimizning har bir hududida rivojlanishi uchun tegishli mutasaddilar masʼul sifatida tayinlanadi.
Bundan tashqari qarorda 2021 yildan boshlab sentyabr oyining uchinchi yakshanbasi respublika bo‘yicha “Avtomobilsiz kun” deb eʼlon qilinadi hamda shu kuni avtomobilda harakatlanish taʼqiqlanadi.
Shuningdek, qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘arma mablag‘larining shakllantirilish manbasi va uning qanday maqsadlarda sarflanishi hamda bir qator boshqa loyihalarning amalga oshirilishi bo‘yicha to‘liq ma'lumot bilan quyidagi havola (https://regulation.gov.uz/uz/document/22513) orqali tanishishingiz mumkin.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati