Qarshida 22 sentyabr – “Butun jahonda avtomobilsiz kun” munosabati bilan salomatlik tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda

Bugun, 22 sentyabr kuni Qarshi shahrida viloyat hokimligi, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi va viloyat IIB YHXB tashabbusi bilan mutasaddi rahbarlar va aholi ishtirokida piyoda yurish marafoni tashkil etildi.
O‘ziga xos tadbir 22 sentyabr – “Butun jahonda avtomobilsiz kun” munosabati bilan Qarshi shahrida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etildi.
Tadbir “Salomatlik uchun besh ming qadam” aksiyasi bilan boshlanib, unda 2 mingga yaqin aholining keng qatlami ishtirok etdi. Jumladan, viloyatdagi korxona, tashkilot, taʼlim muassasalari xodimlari hamda aholining barcha qatlami vakillari sportning ommalashuvi yo‘lida ibrat ko‘rsatishdi.
Shundan so‘ng, keksalar, yoshlar, sportchilar va tashkilot-korxona xodimlari ishtirokida ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Muntazam ravishda piyoda yurish yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oldini oladi va tanadagi ortiqcha kaloriyani yo‘qotishda yordam beradi.
Shunday ekan, hayotingizning birlamchi muhim omili bo‘lgan sog‘ligingizga vaqtida eʼtibor qarating va kuningizning maʼlum bir vaqtini oilangiz yoki do‘stlaringiz bilan piyoda yurish bilan o‘tkazing.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati