Vazirlik Ishchi guruhi bugun Muynoq tumanini oʻrgandi

Vazirlik Ishchi guruhi bugun Muynoq tumanini oʻrgandi

 

Xabar berganimizdek, shu kunlarda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining maxsus Ishchi guruhi Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib, bu yerda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishmoqda.

Bugun Ishchi guruh aʼzolari Orol dengizi bagʻrida joylashgan va yurtboshimizning saʼy-harakatlari natijasida soʻnggi yillarda tobora chiroy ochayotgan Muynoq tumanida boʻlishdi.

Ishchi guruh tuman bolalar-oʻsmirlar sport maktabida boʻlib, bu yerda bajarilayotgan ishlarni oʻrgandi. Jumladan, sport taʼlim muassasasini yosh kadrlar bilan taʼminlanganlik holati hamda trenerlarga boʻlgan ehtiyoji borasidagi takliflari olindi.

Shuningdek, vazirlikning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish boʻlimi xodimlari tomonidan Muynoq tumanidagi sport obyektlarining internet tarmogʻiga ulanganligi va bu borada koʻrilayotgan chora-tadbirlar, bino va inshootlarni kuzatuv kameralari bilan taʼminlash, suzish apparat dasturiy taʼminotini joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda BOʻSMning moddiy-texnik bazasidan maqsadli foydalanish borasidagi ishlari tahliliy koʻrib chiqildi.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli koʻrsatma va tavsiyalar berildi. Ishchi guruh Qoraqalpogʻiston Respublikasini oʻrganishda davom etadi. 

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati